Xitoy fuqarolari turist niqobi ostida AQSH harbiy ob’ektlariga kirgan – WSJ

Olam

image

So‘nggi yillarda Xitoy fuqarolari adashgan sayyohlar niqobi ostida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi harbiy va boshqa maxfiy ob’ektlar hududiga qayta-qayta kirib kelgan. AQSH rasmiylari bu voqealarni josuslik deb hisoblaydi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Aytilishicha, so‘nggi yillarda, odatda, mashhur sayyohlik yo‘nalishlari va yirik aeroportlardan uzoqda, qishloq joylarida 100 ga yaqin bunday holatlar kuzatilgan. Rasmiylarga ko‘ra, josuslikning bu shakli AQSH ob’ektlari xavfsizlik tizimlarini sinab ko‘rish uchun mo‘ljallangan.

“Xitoyning afzalligi shundaki, ular ma’lumot to‘plash uchun ko‘p sonli odamlarni yuborishga tayyor. Agar ulardan ba’zilari qo‘lga olinsa, AQSH hukumati uchun noqonuniy kirishdan boshqa narsani isbotlash juda qiyin bo‘ladi va qo‘lga olinmaganlar, albatta, foydali narsalarni o‘rganadi”, deydi Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining katta ilmiy xodimi Emili Harding.

Hodisalar AQSH qonun chiqaruvchilarini jiddiy tashvishga solmoqda. Vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi a’zosi Jeyson Krouga ko‘ra, Kongress tegishli qonunlarni qabul qilishni ko‘rib chiqishi mumkin, chunki bunday holatlarning ko‘pchiligi federal darajada emas, balki mahalliy darajada ko‘rib chiqilgani sababli e’tiborga olinmaydi.

Xitoyning AQSHdagi elchixonasi esa josuslik haqidagi ayblovlarni “yomon niyatli fantastika” deb atagan.

“Biz AQSHning tegishli rasmiylarini sovuq urush mentalitetidan voz kechishga, asossiz ayblovlarni to‘xtatishga va ikki davlat o‘rtasida ishonch va ikki xalq o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlashga harakat qilishga chaqiramiz”, deydi Xitoy elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyu.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida AQSH osmonida Xitoyga tegishli havo shari aniqlangan va u Amerika harbiy-havo kuchlari samolyoti tomonidan urib tushirilgandi. Amerikaliklar uni Xitoy harbiy kuzatuv dasturining bir qismi ekani, so‘nggi yillarda beshta qit’ada kamida yigirmata missiyani amalga oshirganini ma’lum qildi. Biroq Xitoy bunday ayblovlarni rad etib, havo shari shamol tufayli yo‘nalishini o‘zgartirgan fuqarolik tadqiqot kemasi ekanini da’vo qildi. Shu mashmashalar fonida Yaponiya ham 2019-2021 yillar oralig‘ida Xitoyning uchta ayg‘oqchi sharlari o‘z havo hududiga kirganligidan qat’iy shubhalanayotganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy josuslik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing