XVJ Ukrainaga 1,4 milliard dollarlik favqulodda yordam berishga rozi bo‘ldi

Olam

image

Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktorlar kengashi Ukraina uchun 1,4 milliard dollar miqdorida favqulodda moliyalashtirish ajratishni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda XVJ matbuot xizmatiga tayanib, “Ukrainskaya pravda” xabar bermoqda. 

XVJ direktori Kristalina Georgiyevaning aytishicha, “Ukraina hukumatining favqulodda vaziyatlarga siyosiy munosabati ta’sirli bo‘lgan”, xususan, valyuta zaxiralarining mavjudligini saqlash va valyuta kursi noaniqligini kamaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha. Georgiyeva, shuningdek, Ukraina barcha qarz majburiyatlarini bajarganini ta’kidlagan. 

“Urush tugagach va yetkazilgan zararni to‘g‘ri baholash mumkin bo‘lsa, qayta tiklanish ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha katta yordam kerak bo‘ladi”, deydi u. 

Qayd etilishicha, Ukraina “The Rapid Financing Instrument” doirasida mablag‘ oladi. 

Bu to‘lov balansining shoshilinch ehtiyojlariga, xususan, harbiy mojarolar oqibatida yuzaga kelgan mamlakatlarga moliyaviy yordamdan tez foydalanish imkonini beradi. 

Avvalroq Ukraina milliy banki ushbu vosita iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirishning iloji bo‘lmaganda joriy etilishini tushuntirgan edi. Shu bilan birga, XVJ bilan uning to‘lov balansi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha hamkorlik qilish majburiyati saqlanib qolmoqda. 

XVJning ta’kidlashicha, to‘lov "qisqa muddatda muhim yordam beradi va boshqa hamkorlarni moliyalashtirish uchun katalizator bo‘lib xizmat qiladi". 

“The Rapid Financing Instrument”ning maksimal miqdori yiliga mamlakatning XVJdagi kvotasining 50 foizi bilan cheklangan, ya’ni Ukraina uchun maksimal miqdor 1,4 milliard dollarni tashkil etgan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

3

Reyting

2.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing