Xarkovda 30 dan ortiq aholi punkti ozod qilindi – Zelenskiy

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina Qurolli Kuchlari Xarkov viloyatidagi 30 dan ortiq aholi punktlarini Rossiya harbiylaridan ozod qildi va nazorat ostiga oldi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 9 sentyabr kuni videomurojaatida ma’lum qildi.

“Bizning armiyamiz, razvedka va Ukraina Xavfsizlik xizmati bir necha tezkor yo‘nalishlarda faol operatsiyalarni davom ettirmoqda. Muvaffaqiyatli davom etyatiryapti. Hozirda Ukraina Qurolli Kuchlari Xarkov viloyatidagi 30 dan ortiq aholi punktlarini ozod qilib, nazorat ostiga olgan. Viloyatning ayrim qishloqlarida hududni tekshirish va xavfsizlikni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda, biz asta-sekin yangi aholi punktlarini nazoratga olmoqdamiz – hamma joyda Ukraina bayrog‘ini va xalqimiz uchun himoyani qaytaramiz”, deydi davlat rahbari.

Zelenskiy, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 5 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordamni ma’qullaganini ma’lum qildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq Kengashi YeI va Rossiya o‘rtasidagi viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatishga qaror qildi.

“Ushbu qaror dushanbadan kuchga kiradi. Va Rossiya fuqarolari uchun viza cheklovlari bo‘yicha Yevropa komissiyasining aniq tavsiyalari bor”, deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing