Xalqaro surishtiruv va sanksiyalar. Yevroparlament Qozog‘iston bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi

Olam

image

Kecha, 20 yanvar kuni Yevropa parlamenti deputatlari yalpi majlisda Qozog‘istondagi so‘nggi tartibsizliklar sabab mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Ko‘pchilik tomonidan ma’qullangan rezolyutsiyada Qozog‘istondagi tartibsizliklar bo‘yicha xalqaro surishtiruv o‘tkazish va Yevropa Ittifoqi rejimi ostida inson huquqlarini jiddiy ravishda buzgan qozoq amaldorlaiga sanksiya joriy qilishga chaqirilgan.

Hujjatni ovoz bergan 671 deputatdan 589 nafari qo‘llab-quvvatladi, 35 nafar deputat qarshi chiqdi, 47 nafari betaraf qolgan.

Yevroparlament rezolyutsiyalari deklarativ va majburiy emas, lekin Yevropa Ittifoqi institutlari va Yevropa davlatlari ularni inobatga oladi.

Rezolyutsiyada deputatlar, xususan, Yevropa Ittifoqi Kengashini “2022-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan namoyishlar chog‘ida sodir etilgan inson huquqlarining jiddiy buzilishi uchun mas’ul bo‘lgan qozog‘istonlik yuqori martabali amaldorlarga nisbatan shaxsiy jazo choralarini qo‘llash”ga chaqirgan.

Yevroparlament deputatlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyatni “mamlakatdagi ikki haftalik namoyishlar davomida Qozog‘iston xalqiga qarshi sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan zudlik bilan tegishli xalqaro tergovni boshlashga” chaqirmoqda. Xususan, rezolyutsiyada “Olma-ota va Qozog‘istonning boshqa aholi punktlarida g‘oyib bo‘lishlar, qiynoqlar, o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar, snayperlar tomonidan o‘ldirish, tinch namoyishchilarning, jumladan, voyaga yetmaganlarning jarohatlanishi” haqidagi xabarlarni tekshirish zarurligi qayd etilgan.

Deputatlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “2022 yil yanvarida Olma-otada namoyishchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining o‘limi faktlari va holatlari, shuningdek, inson huquqlarining buzilishi haqidagi boshqa ayblovlar bo‘yicha tegishli tergov o‘tkazilishini ta’minlash uchun YeXHT Moskva mexanizmini faollashtirish tashabbusi bilan chiqishni taklif qilmoqdalar”.

Hujjatda, shuningdek, Yevropa Ittifoqi institutlariga “Qozog‘iston bilan hamkorlikda inson huquqlarini ustuvor vazifa sifatida qo‘yish” taklifi ilgari surilgan.

“Qozog‘istonning Yevropa Ittifoqi bilan chuqurroq siyosiy va iqtisodiy munosabatlari umumiy qadriyatlarga asoslanishi va Qozog‘istonning xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqadigan demokratik islohotlarga faol sodiqligiga mos kelishi kerak”, deyiladi Yevropa parlamenti rezolyutsiyasida.

Deputatlarning fikricha, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati Qozog‘istondagi vaziyatni tartibga solishda, jumladan, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili (Jozep Borrel – tahr.) yoki Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilining Qozog‘istonga tashrifi orqali ham faolroq ishtirok etishi kerak.

YeP Qozog‘iston hukumatini BMT va YeXHT ekspertlarini vaziyatni baholash uchun taklif qilishga, shuningdek, “inson huquqlari himoyachilariga nisbatan siyosiy ta’qiblarni to‘xtatishga, siyosiy sabablarga ko‘ra ayblovlarni olib tashlashga, xalqaro standartlarga muvofiq tinch norozilik namoyishiga chiqqan namoyishchilar va faollarni zudlik bilan ozod qilishga va huquqlarni kafolatlashga chaqirgan..

Qozog‘istonda namoyishlar

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi.

Hozirgacha BelarusArmaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing