Xakerlar TASSga hujum qildi
Olam
−
28 fevral 2022
10145Bugun, 28 fevral kuni Rossiya ommaviy axborot vositalarining saytlari xakerlar hujumiga uchradi.
Xakerlar hujumidan keyin TASS agentligi veb-saytining asosiy sahifasiga kirganda, foydalanuvchilar qarshisida rossiyaliklarga yo‘llangan Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiruv paydo bo‘ldi.
“Hurmatli fuqarolar. Biz sizni bu jinnilikni bas qilishga chaqiramiz, o‘g‘illaringiz va erlaringizni aniq o‘limga yubormang. Putin bizni aldashga majbur qilyapti va bizni xavf ostiga qo‘yyapti. Biz butun dunyodan ajralib qoldik, ular neft va gaz sotib olishni to‘xtatdi. Bir necha yildan keyin biz Shimoliy Koreyadagidek yashaymiz. Bizga bu nega kerak? Putin darsliklarga kirishi uchunmi? Bu bizning urushimiz emas, keling, uni to‘xtataylik!”, deyiladi xakerlar tomonidan e’lon qilingan xabar matnida.
Xakerlar ular qoldirgan xabar o‘chrilishini, ba’zilar ishdan bo‘shatilib, hatto qamalishini aytgan.
"Ammo biz endi bunga chiday olmaymiz. Rossiyaning befarq bo‘lmagan jurnalistlari", deya yakunlangan TASS veb-saytidagi xakerlar xabari.
Xuddi shunday chaqiruv “Kommersant’” saytida ham e’lon qilingan. Qayd etilishicha, “Izvestiya”, RBK va Znak.com portallariga ham hujum qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya ommaviy axborot vositalari saytlariga qilingan hujum ortida Anonymous guruhi turibdi. Hisobotda, shuningdek, Ukrainada 5000 dan ortiq rus askari halok bo‘lgani haqida ma’lumotlar ham bor.
Avvalroq xakerlar Kreml saytiga hujum uyushtirgani va Rossiya Prezidenti ma’muriyati a’zolarining telefon raqamlarini Internetga tarqatib yuborgani xabar qilingandi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi