Kanada Rossiya iqtisodiyotining asosiy 7 ta tarmog‘iga sanksiya kiritdi
Olam
−
08 iyun 2022
5525Kanada hukumati Rossiyaning neft, gaz, kimyo sanoati hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga nisbatan yangi cheklovchi choralarni joriy qildi. Bu haqda bugun, 8 iyun kuni Kanada Tashqi ishlar vazirligi saytida chop etilgan tegishli hujjatda aytilgan.
Qayd etilishicha, Kanada fuqarolari va kompaniyalariga Rossiyaning neft, gaz, kimyo va tog‘-kon sanoati vakillari bilan biznes yuritishi, jumladan, ko‘mir va metall rudalarini qazib olishi taqiqlangan.
Bundan tashqari, Ottava cheklov ostida qolgan Rossiya Federatsiyasining neft-gaz va kimyo sanoati bilan bog‘liq 28 ta faoliyat ro‘yxatini e’lon qildi. Xususan, ular qurilish va turli transport turlari, kompyuter, buxgalteriya, konsalting, injiniring va boshqa xizmatlarga tegishli.
Hammasi bo‘lib 28 turdagi xizmatlar va yettita soha Kanada cheklovlari ostida qoldi, jumladan:
• ko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olish;
• xom neft va tabiiy gaz qazib olish;
• metall rudalarini qazib olish;
• konchilikning boshqa faoliyati;
• tog‘-kon sanoatining yordamchi xizmatlari faoliyati;
• koks va qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarish;
• kimyoviy moddalar va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish.
Ma’lumot uchun, Ottava fevral oyi oxiridan beri Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasiga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy qilmoqda. Kanada oxirgi marta iqtisodiy cheklovlarni 31 may kuni kiritgan. O‘shanda ro‘yxatga Rossiya Federatsiyasidan to‘rtta kompaniya va 22 nafar jismoniy shaxs kiritildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi