Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
Olam
−
11:30
2758Amerikaning Responsible Statecraft tahlil markazi AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampni ikkinchi muddati boshlanishida Markaziy Osiyoga e’tiborini qaratishga chaqirmoqda. Bu haqda tahlil markazining hisobotida qayd etilgan.
Unga ko‘ra, global kun tartibida Ukrainadagi mojarolar, Tayvan muammosi va savdo mojarolari bor bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo Amerika manfaatlari uchun muhim rol o‘ynashi mumkin.
Tahlilchilarga ko‘ra, AQSH Rossiya va Xitoy faol bo‘lgan mintaqa bilan hali mustahkam aloqalar o‘rnatmagan. Markaziy Osiyoda katta resurslar va strategik ahamiyatga ega transport koridorlari mavjud. Trampning ramziy tashrifi Vashingtonning mintaqadagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi qadam bo‘lishi mumkin, bu esa global ta’minot zanjirlari va energiya almashinuviga ta’sir qiladi.
“Prezident Tramp Markaziy Osiyoga nisbatan nima qilishi kerak? Avval u joyga boring!”, deya saylangan prezidentga taklif bergan tahlilchilar.
Ular ta’kidlaganidek, diplomatlar qanchalik yaxshi bo‘lmasin, muzokaralar muvaffaqiyatiga rahbarlar o‘rtasidagi shaxsiy uchrashuvdanda ko‘ra ko‘proq hech narsa yordam bermaydi.
AQSHning Transafg‘on temiryo‘li qurilishidagi ishtiroki Afg‘onistonni barqarorlashtirish va qo‘shni davlatlar iqtisodiyotini rivojlantirishga yordam berishi, Amerika biznesi uchun yangi imkoniyatlar yaratishi va Vashingtonning mintaqadagi ta’sirini oshirishi mumkin. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoni Pokistonning Karachi, Gvadar va Qosim portlari bilan bog‘lab, minglab ish o‘rinlarini yaratadi va ekstremistik guruhlarni qo‘llab-quvvatlashning ijtimoiy bazasini qisqartiradi.
O‘zbekiston hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston orqali o‘tadigan 760 km temiryo‘l Pokistonga yuklarni yetkazib berish muddatini taxminan besh kunga, transport xarajatlarini esa kamida 40 foizga qisqartiradi. Taxminlarga ko‘ra, qiymati 6 milliard dollargacha bo‘lgan loyiha 2027 yil oxirigacha yakunlanadi, 2030 yilgacha poyezdlar Transafg‘on temiryo‘li bo‘ylab yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi temiryo‘l yo‘nalishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, O‘zbekiston va Afg‘onistonni Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tovarlar eksport qilish uchun Arab dengizidagi Pokiston portlari bilan bog‘laydi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo “yashil” texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan marganets, xrom, qo‘rg‘oshin, rux va titan kabi muhim minerallarga boy. Xitoy tomonidan ushbu foydali qazilmalarni eksport qilish bo‘yicha so‘nggi cheklovlar AQSHni ushbu resurslardan uzoq muddatli foydalanishni ta’minlash uchun S5+1 platformasi orqali mintaqalar bilan muloqotni faollashtirishga undashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 79-yillik sessiyasi doirasida C5+1 mintaqaviy diplomatik platformasi shafeligida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari hamda AQSH Davlat kotibi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, mintaqada tinchlik va farovonlikka ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarning ahamiyatini ta’kidlagan. U ekologik o‘zgarishlar oqibatlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratgan.