AQSH Panama kanaliga qanchalik haqli?

Tahlil

image

Tarixi juda qizg‘in va ziddiyatli, qurilish jarayoni bir necha o‘n minglab insonlarni hayotiga zomin bo‘lgan, dunyo iqtisodiyoti uchun hayotiy ahamiyatga ega, bugungi kunda yer yuzidagi eng muhim suv yo‘llaridan biri – Panama kanali. So‘nggi kunlarda mazkur suv yo‘li ustida ketayotgan siyosiy keskinlik ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Kanalni AQSH tasarrufiga qaytarish, zarurat tug‘ilganda bu yo‘lda harbiy kuchdan foydalanishdan ham tap-tortmaslik kabi tahdidli ritorikalar tarixi bir asrdan ham ko‘proq bo‘lgan kanal atrofidagi voqealarni yana jonlantirdi. Bularning ortida esa yaqin kunlarda Qo‘shma Shtatlar prezidenligi postini rasman egallaydigan nyu-yorklik tadbirkor turibdi.

Panama kanaliga tahdid mintaqa davlatlariga Tramp tomonidan ortda qolgan ikki oy davomida qilingan yagona bosim emas. Bugungacha u Shimoliy Amerikaning bir qator davlatlari, jumladan Kanada va Meksikaga, bundan tashqari, dunyodagi eng yirik orol Grenlandiyaga ham “og‘iz tashladi”. Ammo uning hududiy ambitsiyalari qatorida Grenlandiya va Panama kanali borgan sari jiddiy tus olmoqda.

Grenlandiyada o‘tgan soatlar davomida nimalar bo‘lgani ko‘pchillik ma’lum. Trampning o‘g‘li orolga tashrif buyurib, bu yerdagi mahalliy aholidan oxirgi voqeliklarga bo‘lgan munosabatlarini, aniqrog‘i Trampning imperialistik siyosatiga unchalik qarshi bo‘lmagan va hatto uni qo‘llovchilarning javoblari aks etgan tasvirlar OAVlarga tarqatdi. Hatto ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, saylangan prezident jamoasi Grenlandiyani o‘z tarkibida saqlab turgan Daniya rasmiylariga Trampning niyati jiddiy ekanini bildirgan. Yuqoridagilarga ishonilsa, Donald Trampning “muz qoplagan” orol bo‘yicha rejalari shunchaki quruq gap emasligini anglash mumkin.

Ammo bugun e’tibor qaratmoqchi bo‘lganimiz – o‘tgan asrning so‘nggi yillariga qadar deyarli AQSH mulki hisoblangan, bugun esa statusi biroz boshqacha bo‘lgan Panama kanali nega aynan hozir Trampga kerak bo‘lib qoldi? Nega u kanalga haddan ziyod “yopishib oldi?” Quyida ushbu kanalning tarixi, uning ayni damdagi salohiyati, u atrofida kechgan qiziq siyosiy jarayonlar, xususan bugungi mustaqil Panama davlati aynan shu kanalning qurilishi tufayli paydo bo‘lgani va bugungi voqeliklar batafsil ko‘rib chiqiladi.

"Chang bosgan" loyiha 

XVI asrda Janubiy va Markaziy Amerika hududlarining katta qismi o‘sha paytdagi eng yirik va qudratli mustamlakachi davlatlatlardan biri bo‘lgan Ispaniya nazoratiga olinadi. Bu paytda Usmonlilar O‘rtayer dengizi ustidan mutlaq boshqaruvga ega bo‘lib, Yevropadagi qirolliklar uchun bu yerdan foydalanishni cheklagandi. Ko‘hna qit’adagilar uchun esa alternativ suv yo‘lini topish zaruratga aylandi. Asosiy maqsad esa Sharqdagi davlatlar bilan savdo-sotiq munosabatlarining to‘xtab qolmasligi edi. Dastlabki harakatlar Atlantika okeanidan yo‘lga chiqqan kemalar Hind okeaniga yetib olishi uchun yaxshi sharoit bo‘lgan marshrutni shakllantirishdan boshlandi.

Yangi davr tarixining yana bir yirik metrapoliyasi hisoblangan Portugaliya sayyohlari bu missiyani amalga oshirish uchun “yeng shimardi”. Tranzit sifatida Afrikaning eng chekka janubiy nuqtasidan o‘tish lozim edi. Bu orada portugallar mazkur nuqtaga bir bor kelib ketishgan va yakunda uni “bo‘ronlar burni” deb atagandi. Ammo Portugaliya qiroli shu yerdan Hind okeaniga chiqishga umid bog‘lab, uni “Yaxshi umid burni” deb atashni buyurdi. 1497 yilda Vasko da Gama aynan shu burun orqali Afrika qit’asi janubidan o‘tib, Hind okeaniga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Dagama 2 yil o‘tib ortga, ya’ni Portugaliyaga qaytgach, yevropalik savdogarlar u tomonidan yurgan suv yo‘li orqali Hindistonga oqib kela boshladi. Shu tariqa portugal sayyohi Yevropa iqtisodiyoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan, qit’ani Hindiston bilan bog‘laydigan suv yo‘lini kashf qildi.

Vasko da Gama очgaн Yevropadan Hindistonga дyengиз orqali сuзиб borish yo‘li

Ammo bu so‘nggi muqobil yo‘l emasdi. Keyingi shunday tashabbuslardan biri ispanlardan chiqdi. Bu safar boshqa qi’ta orqali yana bir boshqa yirik suv sarhadiga chiqish maqsad qilindi. Bu bugungi Panama kanali loyihasining dunyoga kelishi edi. 1513 yilda ispan tadqiqotchisi Nunes de Balboa Shimoliy va Janubiy Amerikani bog‘lab turgan Panama yerlari juda yupqa ekanini aniqladi. Bu kashfiyot Atlantika okeani va qit’a ortidagi huddi shu kabi yana bir yirik okeanni bog‘laydigan suv yo‘lini ochishga turtki bo‘ldi. Ammo bu jarayon amaliy harakatlar boshlanmasidan oldin yakunlandi. Bir necha o‘n yillik samarasiz izlanishlardan so‘ng, bir vaqtning o‘zida ham “Muqaddas Rim imperiyasi” imperatori, ham Ispaniya qiroli bo‘lgan Karl V kanalni qurish imkoniyatlari muhokamasini mutaxasislar o‘rtasiga tashlaydi. Tadqiqotchilar esa mazkur loyihani amalga oshirib bo‘lmaydi degan xulosaga kelib, kanal qurish istiqboliga ishonchsizlik bilan qaraydi va loyihadan voz kechiladi. Shu tariqa Panama kanalini qurish mavzusi yopiladi, ammo faqat bir necha asrlargagina xolos.

Magellanning dunyo bo‘ylab sayohati

Bu orada esa yana bir portugaliyalik dengizchi Fernando Magellan muvaffaqiyatsizlikka uchragan Panama kanali loyihasini o‘rnini uzoqroq bo‘lsada, boshqa bir yo‘nalish bilan to‘ldirishga urunib ko‘rdi. U 1519 yilda Janubiy Amerikaning janubiy nuqtasidan o‘tib, noma’lum va juda sokin bo‘lgan okenlardan biriga chiqdi. U bu yerdagi sokin muhit shunchaki vaqtincha ekanini oldindan bilmagani tufayli okeanga “Tinch” degan nom berdi. Magellanning sarguzashti 3 yil davom etdi va katta yo‘qotishlar bilan Ispaniya qirg‘oqlariga qaytib keldi. Biroq uning kashfiyoti na iqtisodiy va na siyosiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Magellan yurgan suv yo‘li uzoq va noqulayligi sabab bu yo‘nalishdan uzoq vaqt davomida hech bir davlat foydalanmadi. U tomonidan qilingan ekspeditsiya faqatgina ilmiy yutuqlar bilan foydali bo‘ldi xolos. U bosib o‘tgan yo‘llarda Magellan bo‘g‘ozi va Tinch okeani kabi hududlar xaritalardan o‘rin ola boshladi. Bundan tashqari, Magellan sayohati yer sayyorasining dumaloqlogini amalda isbotladi. Ammo eng muhim missiya savdo yo‘li ochish masalasi ochiqligicha qoldi. Bu esa kelajakda Panama kanali loyihasining yana qayta varoqlanishiga turtki berdi.

Qo‘lma-qo‘l bo‘lgan chala kanal

XIX asrda Atlantika va Tinch okeanini bog‘lovchi suv yo‘lini ochish zarurati hali ham dolzarbligicha qolayotgandi. Iqtisodiy gigantlar kompaniyalar uchun sayohat vaqtini va xarajatlarini maksimal darajada tejaydigan qisqa suv yo‘li ochilishidan manfaatdor edi. Bu ishni Shimoliy Amerikaning sobiq mustamlakachisi – Fransiya o‘z zimmasiga oldi. 1881 yilda fransiyalik diplomat va tadbirkor Ferdinand de Lesseps Panama hududini kesib o‘tadigan kanal qurishga kirishdi. Biroq barcha ishlar orqaga ketdi. Kanal qurish uchun jalb qilingan minglab ishchilar noto‘g‘ri rejalashtirish, muhandislik muammolari va tropik kasalliklar tufayli halok bo‘la boshladi.

Muammo shunda ediki, Lesseps kanal qurish rejalashtirilgan yerda bir necha bor bo‘lib, bu tashriflar faqat yilning to‘rt oyidagina davom etadigan quruq mavsumda amalga oshirilgandi. Uning ishchilari esa yomg‘irli mavsumga mutlaqo tayyor emas, bunday sharoitda qanday ishlash borasida ham ularda aniq ko‘rsatmalar yo‘q edi. Zich o‘rmon, zaharli ilonlar, hasharotlar, o‘rgimchaklar, "sariq isitma", bezgak va boshqa tropik kasalliklar urchigan sharoitda minglab ishchilar halok bo‘ldi. Panama kanali shu turdagi suv yo‘llaridan biri – Suvaysh kanalining yarmichalik chiqmasada, uni qurish jarayoni aynan shu noqulay tabiiy sharoitlar tufayli murakkablashib ketdi. 1884 yilga kelib esa oyiga 200 dan ortiq odam og‘ir va xavfli mehnat sharoitlari oqibatida halok bo‘la boshladi. Barcha qilingan ishlar faqat teskari natija berar, Ferdinad de Lesseps kompaniyasi vaqt va pulni shunchaki isrof qilib yuborardi. Loyiha bankrotlik yoqasiga kelganda yo‘l qo‘yilgan muhandislik xatolarini to‘g‘irlash uchun hatto Eyfel minorasi bunyodkori bo‘lgan Gyustav Eyfel ham shu ishga jalb qilindi. Ammo yakunda undan ham naf bo‘lmadi va Lesseps boshchiligidagi Panama kanali loyihasi 1889 yilda rasman inqirozga yuz tutdi.

Bu muvaffaqiyatsiz urunish Fransiyaga naqd 260 million dollarga tushgandi. Mazkur voqelik ortidan Fransiyada juda katta janjal boshlandi. Loyiha ishonib topshirilgan de Lesseps, unga eng oxirida qo‘shilgan Gyustav Eyfel va boshqa rahbarlar kanal qurish uchun ajratilgan mablag‘larni noqonuniy tarzda o‘zlashtirganlikda ayblandi. Bu ish yuzasidan hatto Lesseps va uning o‘g‘li aybdor deb topilib, ular besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Oradan biroz vaqt o‘tib sud hukmi bekor qilindi. Ferdinand de Lesseps 1894 yilda vafot etdi. O‘sha yili uning bankrot bo‘lgan biznes aktivlari yangi tuzilgan boshqa bir fransuz kompaniyasiga o‘tkazilib, unga ishni davom ettirish yuklatildi. Ammo mazkur firma ham oradan ko‘p o‘tmay bu vazifani bajara olmadi va undan voz kechdi. Bu esa endi shunchaki Panama kanali loyihasi bir kompaniya tomonidan rad etilishi emasdi. Bu Fransiyaning davlat miqyosida ushbu kanalni qurish istagidan to‘laqonli voz kechish qarori bo‘ldi.

Alyaska kabi sotilgan Panama kanali

Fransiya Panama yerlaridan kanal ochishga urinayotgan paytda Qo‘shma Shtatlar ham shu kabi maqsad bilan boshqa bir davlat hududida ish boshlash arafasida edi. AQSH mulozimlari iqtisodiy va harbiy sabablarga ko‘ra, Trans-Amerika suv yo‘lini ochishga qiziqish bildirib, uni Panamaga qo‘shni bo‘lgan Nikaraguadan o‘tkazishni maqsad qilgandi. Ammo bu borada na muzokaralar va na amaliy harakatlar hali boshlanmagan paytda Panama kanalini qurishdan “kuygan” Fransiya bu omadsiz loyihani zudlik bilan daf qilish payiga tushdi.

Shu bois tarixdagi ikkinchi “Alyaska” ssenariysi boshlandi. Chunki Panama kanalining yakunlamagan qurilish ishlarini AQSHga sotishga bo‘lgan urinishlar ko‘p jihatdan bu voqeadan bir necha yillar ilgari Rossiya imperiyasining Alyaskani Qo‘shma Shtatlarga sotishi bilan bog‘liq ssenariysiga juda o‘xshash edi. Jumladan, Rossiya imperiyasi XIX asrning ikkinchi yarmida katta dinamik tezlik bilan dunyo yetakchisiga aylanib borayotgan AQSHga tashqi siyosatda suyanish va u bilan aloqalarni normallashitirsh umidida naqd 1,5 mln km2 yer maydonini arzon narxda sotishga majbur bo‘lgani ko‘pchilikka sir emas. Bu vazifa o‘sha paytdagi Rossiyaning AQSHdagi elchisi Eduard Andreyevich Steklga yuklangandi. U esa amalda Alyaskani AQSHga sotish rejasi uchun imperator Aleksandr II tomonidan tanlangan lobbi edi. 1867 yilda mazkur oldi-sotdi o‘z nihoyasiga yetib, Alyaska arzimagan summa evaziga – 7 million dollarga AQSH tasarrufiga o‘tkazildi.

Panama kanali atrofidagi savdo ham ba’zi shart-sharoitlarni hisobga olmaganda shaklan deyarli shu ko‘rinishda AQSHga sotildi. Bu ishni amalga oshirish uchun huddi ruslar kabi Fransiya hukumati tomonidan ham lobbi yollandi. U Lesseps boshchiligida muvaffaqiyatsizlikka uchragan eski loyihada qatnashgan muhandislardan biri – Filipp-Jan Bunau-Varilya edi. Filipp o‘z ishini AQSH Kongressidagilarni loyiha istiqboliga ishontirishdan boshlaydi. Bir necha yil davom etgan uzluksiz urunishlardan so‘ng fransuz muhandisi AQSH qonunchilarini Nikaragu orqali kanal qurish fikridan qaytarib, ularning bor e’tiborini Panamadagi omadsiz loyihaga burishga muvaffaq bo‘ladi. Filipp bunga Kongress vakillarini Nikaraguada xavfli vulqonlar borligi va u yerda kanal qazish katta tavakkalchilik ekaniga ishotirish orqali erishdi. Kongress esa nihoyat unga ishondi va 1902 yilda Fransiyaning aktivlarini sotib olishni ma’qulladi. Ammo tez orada AQSH oldida bu borada kutilmagan muammo paydo bo‘ldi. Sababi Panama 1821 yilda boshqa Lotin Amerikasi mamlakatlari singari ispan mustamlakachiligidan xalos bo‘lganiga qaramay, bu paytga kelib Kolumbiya tarkibiga qo‘shilgandi. Kolumbiya esa kanal qurish loyihasini davom ettirish bo‘yicha tuzilgan shartnomani ratifikatsiya qilishdan bosh tortdi. AQSH esa iqtisodiy va harbiy jihatdan o‘ta muhim sanaladigan mazkur suv yo‘lini qurish uchun hamma narsaga tayyorligini ko‘rsatdi. Oq uy buni amalga oshirish yo‘lida Kolumbiya uchun og‘riqli qaror qabul qildi. Bu esa dastlab qo‘g‘irchoq bo‘lsada, keyinchalik dunyo xaritasida yana bir mustaqil davlat paydo bo‘lishiga olib keldi.

Kanal bahonasida tuzilgan “mustaqil” Panama

AQSH Kolumbiyadan kanal qurish so‘rovi yuzasidan ijobiy javob olmagach, uning hududiy yaxlitligiga tiklanmas zarba berdi. Oq uy Kolumbiyadan mustaqillikka erishmoqchi bo‘lgan panamaliklarni har tomonlama moliyalashtirdi. Panamadagi isyonchilarni Kolumbiyaga qarshi qo‘yish va bu orqali uni ajratib olish uchun AQSHga nari-beri bir yil yetarli bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar qo‘llovi ostida harakat qilgan isyonchilar 1903 yilning noyabriga kelib Panama ustidan o‘rnatilgan Kolumbiya boshqaruvini olib tashladi. AQSH Panamada qo‘g‘irchoq hukumat tuzdi va Panama “mustaqil” davlat sifatida e’lon qilindi. Shundan so‘ng, bu yerda Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga qarshilik qiladigan birorta to‘siq qolmadi. U Panamada o‘ziga xos “kart blansh”ga ega bo‘ldi. Bu voqelardan ko‘p o‘tmay AQSH darhol o‘zining asosiy missiyasiga kirishdi. Kanal qurish bo‘yicha o‘rtada shartnoma imzolanib, Qo‘shma Shtatlarga mazkur suv yo‘lini bunyod etish uchun 1300 km2 hudud ajratildi. Shartnomaga ko‘ra, ushbu hudud abadiy AQSH protektoratiga aylanishi belgilandi. Shu tariqa 1904 yildan boshlab dunyondagi eng muhim suv yo‘llaridan birining muvaffaqiyatsiz tarzda boshlangan qurilish ishi AQSH tomonidan davom ettirildi.

Mamlakat bu kanal uchun 375 million dollar ajratdi. Bu mablag‘ ichidan 40 millioni Fransiyaning kanal ustidagi aktivlarini sotib olish uchun sarflandi. Bu orqali fransuzlar loyiha uchun ko‘kka sivurilgan 260 million dollarlik yo‘qotishni biroz bo‘lsada kamaytirishga erishdi. AQSH esa ajratilgan mablag‘dan Panamaga 10 million dollar tuhfa qildi. Bundan tashqari, yangi davlat va undagi “qo‘g‘irchoq” hukumat uchun kanal daromadidan yillik renta ham va’da qilindi. Panama kanali 10 yil davomida qurib bitkazildi. 1914 yilda uzunligi 80 km bo‘lgan mazkur suv yo‘li ishga tushirilib, dunyo bo‘ylab yuk tashish jarayonida tub burilish yasaldi.

Panama kanali kemalarni Janubiy Amerikaning eng chekka janubiy qismlari, xususan o‘ta xavfli hisoblanadigan Keyp Horn yo‘nalishidan o‘tish kabi juda riskli jarayondan xalos qildi. Ammo bu kanalni qurib, ishga tushirishgacha bo‘lgan vaqtda dastlab Fransiya, so‘ng AQSH tomonidan juda ko‘p insonlar qurbon qilindi. Fransiya Lesseps boshchiligida ish boshlab, keyinchalik kasodga uchragancha o‘tgan vaqt davomida 20 ming ishchi bu jarayonda halok bo‘ldi. Biroq loyiha AQSHga sotilgach, amerikaliklar bu jarayondagi xavflarni maksimal darajada minimallashtirishga harakat qildi. Ular Fransiya yo‘l qo‘ygan xatolardan xulosa qilib, tibbiy sharoitlarni imkon qadar yaxshilaydi, chivin urchiydigan joylarni quritish orqali sanitariyani tartibga soladi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, AQSH ham 10 yil ichida 5600 nafar qurbon berdi. Bu esa Panama kanali umumiy hisobda 25 mingdan ziyod insonning hayotiga zomin bo‘lganini anglatadi.

Kanalning AQSHdan tortib olinishi 

1900 yillar boshida tuzilgan shartnomaga muvofiq kanal va u joylashgan yerlar umrbodga AQSHga tegishli bo‘lishi qayd qilingandi. Ammo Panama kanali ishga tushishidan ko‘p o‘tmay, ikki o‘rtada ziddiyatlar kelib chiqa boshlaydi. O‘z yerining ma’lum qismiga boshqa bir mamlakat abadiy egalik qilishi va o‘z hududida joylashgan kanaldan tushadigan yillik mo‘maygina daromadning arzimagan qismigina renta sifatida to‘lab turilishini panamaliklar bir kun kelib xushlamay qolishi tabiiy edi.

Oxiri o‘rtadagi kichik-kichik kelishmovchiliklar yig‘ilib, yirik masshtabdagi qo‘zg‘olonga aylanib ketdi. Panamaliklar 1964 yilda kanal hududida o‘rnatilgan AQSH bayrog‘i yoniga Panama bayrog‘ini ham qadamoqchi bo‘lganda, Qo‘shma Shtatlar ularning bu harakatiga to‘sqinlik qilib, qarshilik ko‘rsatadi. Shundan so‘ng mahalliy aholi bunga nisbatan keskin norozilik bildirib, qo‘zg‘olon ko‘tardi. Bu voqealar yirik siyosiy mojaroga ham olib kelib, AQSH va Panama o‘rtasida diplomatik munosabatlarning vaqtincha to‘xtashiga ham sabab bo‘ldi. Ammo 1977 yilda Prezident Jimmi Karter Panama bilan murosa qilishni afzal ko‘rdi va kanal hududining 60 foizini 1979 yilda Panamaga qaytarish ko‘zda tutilgan shartnomani imzolaydi. Shundan so‘ng, kanalni to‘laqonli tarzda Panamaga o‘tkazish ishlari boshlandi. Shartnomadan keyingi yillarda kanalni boshqarish Panama kanali komissiyasi tomonidan amalga oshirildi. Dastlabki 10 yillikda bu komissiyaga AQSH boshchilik qilgan bo‘lsa, keyingi dekadada komissiya Panamaliklardan tashkil topdi. Shu tarzda asta-sekinlik bilan kanal panamaliklar nazoratiga o‘tib, 1996 yilda kanal xodimlarining 90 fozini mahalliy aholi tashkil qiladigan bo‘ldi. Yakunda esa o‘tish davri juda silliq kechdi va ushbu suv yo‘lining 60 foizi Panama ixtiyoriga o‘tganidan roppa-rosa 30 yil o‘tib, 1999 yilda u butunlay Panama ixtiyoriga topshirildi. 

Kanalning bugungi potensiali va Tramp tajovuzi

Bugun Panama kanali nafaqat iqtisodiy, balki Tramp kabi tajovuzkor rahbarlar qo‘lida siyosiy instrumentga aylanishi hech gap emas. Chunki kanalning potensiali ayni damda juda yuqori darajada. Bu suv yo‘lidan har yili o‘rtacha hisobda 13-14 minggacha kema o‘z qatnovini amalga oshiradi. O‘tish vaqti esa 8 soatdan 10 soatgacha cho‘zilishi mumkin. Kanaldan foydalanuvchi davlatlar asosan AQSH, Xitoy, Chili, Yaponiya, Kolumbiya va Janubiy Koreya kabilardir.

Tramp uchun kanalga egalik qilish ikkinchi muddatga saylangandan buyon uning sevimli tahdid ritorikasiga aylangan “tariflarni oshirish” deb nomlangan uslubini qo‘llash imkonini beradi. Ya’ni u kanaldan o‘tuvchi Xitoy kemalariga tranzit to‘lovini bir necha barobarga oshirish bilan qo‘rqitish imkoni uchun ham kurashayotgan bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Chunki Panama kanalida har bir tranzit uchun tabiiyki ma’lum miqdorda boj to‘lanadi va bu summa kema hajmi hamda yuk miqdoriga qarab har xil ko‘rinish oladi. Masalan, katta kemalar uchun belgilangan tranzit to‘lovi 450 ming AQSH dollari. Kanalning yillik daromadi 5 milliard dollar atrofida va bu ko‘rsatkich Suvaysh kanali daromadining yarmini tashkil qiladi. Suvaysh o‘z joylashuviga ko‘ra, uch qit’a orasida, shuningdek, yer sharidagi eng qizg‘in nuqta – Yevroosiyo materigida yastangani inobatga olinsa, olis okean ortidagi Panama kanali uchun 5 milliardlik daromad haddan ziyod yaxshi ko‘rsatkich deyish mumkin. Bu darajaga chiqish uchun Panama kanalida ko‘p yillik rekonstruksiya va kengaytirish ishlarini amalga oshirildi. Xususan, 2007 yilda boshlanib, 2016 yilda yakuniga yetkazilgan kengaytirish ishlari tufayli kanalning yuk tashish kemalarini qabul qilish va o‘tkazish saloyihati ikki barobarga oshdi. Shu va boshqa sabablar tufayli Panama kanali o‘zining ikkinchi mandatini tahdid va hududiy davolar bilan boshlagan Tramp uchun jozibador bo‘lib ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin. U bu kanalni qo‘lga kiritishda hatto harbiy kuchdan foydalanish ehtimolini ham rad qilmagani esa ko‘pchilikni o‘yga toldirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Panama Panama kanali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing