Trampga qarshi ishni yuritgan maxsus maslahatchi iste’foga chiqdi

Olam

image

AQSH Adliya vazirligi tomonidan mamlakatning saylangan prezidenti Donald Trampning 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini sertifikatlashtirishga ta’sir o‘tkazishga urinishini tekshirish uchun tayinlangan maxsus maslahatchi Jek Smit o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda kecha, 11 yanvar kuni AFP News xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Smit AQSH Bosh prokurori Merrik Garlandni iste’foga chiqishi haqida xabardor qilgan hamda unga saylovlarga aralashishga urinish va mamlakatdagi saylov tizimiga putur yetkazish ishi bo‘yicha yakuniy hisobotni topshirgan. Gap Donald Tramp tarafdorlari tomonidan 2021 yil 6 yanvarda siyosatchining saylovda Jo Baydenga mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortishi fonida yuz bergan Kapitoliyga bostirib kirishi haqida ketmoqda. Oqibatda besh kishi halok bo‘lgandi. 

Smit 2022 yilning noyabr oyida ish bo‘yicha maxsus maslahatchi etib tayinlangan va u Tramp qarorgohida maxfiy hujjatlarning noto‘g‘ri saqlanishini ham tekshirgan. Tramp 2024 yilda AQSH prezidenti etib qayta saylanganidan ko‘p o‘tmay, Smit suddan respublikachiga qarshi ishni to‘xtatishni so‘radi – maxsus prokuror u ayblovlarga rozi ekanligini ta’kidladi, ammo mamlakat Adliya vazirligining siyosati jinoiy ta’qib qilishni nazarda tutmaydi. 

Trampning advokatlari Kapitoliyga bostirib kirish haqidagi hisobotni e’lon qilmaslikni talab qilmoqda

Sud Smitning ishlarni tugatish to‘g‘risidagi iltimosini qanoatlantirdi, ammo maxsus maslahatchining vazifalariga yakuniy tergov hisobotlarini yozish ham kiradi.

Adliya vazirligi Smit tuzgan hisobotga o‘xshash hisobotlarni chop etish huquqiga ega, ammo ”The Washington Post” nashriga ko‘ra, Trampning advokatlari bunga qarshi chiqqan. Ular bu talabni saylangan prezidentning inauguratsiyasi oldidan e’lon qilinishi “jamoat manfaatiga to‘g‘ri kelmasligi” va hokimiyatni topshirish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytib o‘tdi. 

Biroq Adliya vazirligi Smit materiallarining bir qismini – Kapitoliyga bostirib kirish ishi bo‘yicha hisobotni qisqartirilgan shaklda nashr etish niyatida ekanligini e’lon qildi. Maxfiy hujjatlar bo‘yicha tergov natijalari hali e’lon qilinmaydi – Florida janubiy okrugi Federal sudi sudyasi Eylin Kannon bunga qarshi chiqdi va buni xuddi shu ish bo‘yicha boshqa ikkita ayblanuvchiga qarshi Atlantada davom etayotgan sud jarayoni bilan oqladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiya kuniga qadar 100 dan ortiq farmon tayyorlayotgani va ularni Oq uyga kelishi bilan darhol imzolashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Jek Smit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing