Grenlandiya Daniya yoki AQSHga tegishli bo‘lmasligi kerak – Mute Egede
Olam
−
14:52
2130Grenlandiya Daniya qirolligi yoki Amerika Qo‘shma Shtatlariga tegishli bo‘lmasligi kerak. Bu haqda orol bosh vaziri Mute Egede Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Biz daniyalik bo‘lishni istamaymiz, amerikalik bo‘lishni ham istamaymiz, biz grenlandiyalik bo‘lishni xohlaymiz”, dedi Egede.
Shuningdek, u orolning maqomi masalasi yangilik emasligini, bu ko‘p marotaba muhokama qilinganini qayd etgan. Bundan tashqari, Mute Egede avtonomiyaga tashqi siyosatda ko‘proq erkinlik berish zaruriyatini aytgan.
“Men boshqa davlat rahbari bilan gaplashishim kerak bo‘lsa, Daniya elchisi bilan birga bo‘lishim shart. Bu biz o‘z ovozimizga ega bo‘lishni xohlaydigan masalalardan biridir”, deydi u.
O‘z navbatida, Frederiksen avtonomiya mustaqillikka intilishini “qonuniy va tushunarli” deb atagan. Ammo u Daniya, jumladan, Grenlandiya va Farer orollarini o‘z tarkibida bir butun saqlab qolishni istashini ta’kidlagan.
Shuningdek, har ikki siyosatchi bu masalani AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan hali muhokama qilmaganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Daniyani Grenlandiyani AQSHga berishga chaqirgan edi. Agar orol AQSHga qo‘shilsa, saylangan prezident uni “yana buyuk qilish”ga va’da bergan. Shundan so‘ng, Daniya qiroli Frederik X mamlakat gerbini o‘zgartirib, Grenlandiya va Farer orollarini anglatuvchi timsollarni yanada ko‘rinarli qilib ko‘rsatgan.
LiveBarchasi