Daniya Grenlandiya masalasida AQSH bilan bog‘landi
Olam
−
19:31
2466Daniya hukumati AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp atrofidagilarga Daniyaning o‘zini-o‘zi boshqaradigan hududi – Grenlandiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha maxfiy takliflar yubordi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Axios” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Daniya so‘nggi kunlarda Tramp jamoasiga maxfiy xabarlar jo‘natib, Grenlandiyada xavfsizlik choralarini kuchaytirish yoki orolda AQSH harbiy ishtirokini oshirish istagini bildirgan.
“Kopengagen Grenlandiya kelajagi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasidan qochmoqchi”, deydi manbalar.
Qayd etilishicha, Daniya hukumati Tramp jamoasidan AQSHning saylangan prezidenti orolni Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olish istagi haqidagi so‘zlari bilan aynan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmoqchi.
Shuningdek, Daniya rasmiylari Trampni Grenlandiya mamlakatning bir qismiga aylanmasdan turib, uning AQSH xavfsizlik ehtiyojlarini qondira olishiga ishontirmoqchi. Manbalarga ko‘ra, Daniya tomoni Tramp jamoasiga yo‘llagan xabarlarida Grenlandiyani sotishning iloji yo‘qligini ta’kidlagan, biroq AQSH bilan orol bo‘yicha ularning har qanday iltimosini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan.
Yevropalik diplomatlardan biri nashrga bergan intervyusida Daniya Qo‘shma Shtatlarning Yevropa Ittifoqidagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri hisoblangani, shuning uchun Trampning izohlari kutilmagan bo‘lganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Daniyani Grenlandiyani AQSHga berishga chaqirgan edi. Agar orol AQSHga qo‘shilsa, saylangan prezident uni “yana buyuk qilish”ga va’da bergan. Shundan so‘ng, Daniya qiroli Frederik X mamlakat gerbini o‘zgartirib, Grenlandiya va Farer orollarini anglatuvchi timsollarni yanada ko‘rinarli qilib ko‘rsatgan. Orol bosh vaziri Mute Egede esa Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Grenlandiya Daniya qirolligi yoki Amerika Qo‘shma Shtatlariga tegishli bo‘lmasligi kerakligini aytgan edi.
LiveBarchasi