Krokusdagi terakt ishi bo‘yicha ayblanuvchilar soni e’lon qilindi

Olam

image

Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha 27 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin “Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim tergov ishlari davom etmoqda, tergovchilar teraktni tashkil etish, tayyorlash va moliyalashtirishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni ham tekshirmoqda.

“Bosh tergov boshqarmasi ayblanuvchilar o‘rtasida pul yig‘ish bo‘yicha markazlashgan kanallar orqali harakat qilgan moliyaviy aloqalarni aniqladi. Hozirda bu ma’lumotlar sinchkovlik bilan tekshirilmoqda”, degan Bastrikin.

Shuningdek, uning aniqlik kiritishicha, 2024 yilda terrorchilik xarakteridagi jinoyatlar bo‘yicha 293 ta ish sudga yuborilgan, shundan 36 tasi terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq. 

Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum 2024 yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘ldi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.

Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Huquq-tartibot idoralari teraktni sodir etish va uyushtirishda yordam berishda gumon qilingan 18 nafar shaxsni qo‘lga oldi, ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.

“Kommersant”ning ma’lum qilishicha, konsert zalining ikki xodimi ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbul prokuraturasi 2024 yil 22 mart kuni Rossiyaning Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga qurolli hujum uyushtirganlikda gumon qilingan ISHID terrorchilik tashkiloti tarafdorlari bo‘lgan besh nafar xorijiy fuqaroga nisbatan ayblov e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tergov qo'mitasi Aleksandr Bastrikin Krokus ayblanuvchilar terakt ishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing