Kanada Rossiya energetika gigantlariga yangi sanksiyalar joriy qildi 

Olam

image

Kanada Rossiya energetika gigantlari “Gazprom” va “Rosneft”ning 10 ta asosiy xodimlariga ta’sir ko‘rsatadigan yangi iqtisodiy sanksiyalar paketini joriy qildi. Bu haqda Kanada Tashqi ishlar vazirligi xabar bergan.  

“Ushbu chora-tadbirlar Rossiya energetika sohasidagi ikkita muhim kompaniya — “Gazprom” va “Rosneft”ning 10 ta asosiy shaxsiga cheklovlar qo‘yadi. Yangi choralar Rossiya rahbariyatiga Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilishni to‘xtatish uchun qo‘shimcha bosim o‘tkazish sifatida qo‘llaniladi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, Kanada bu choralarni boshqa ittifoqdosh va hamkorlar bilan kelishilgan holda va Ukraina bilan birdamlikda amalga oshirmoqda. 

“Bunday muvofiqlashtirish Ukraina va uning xalqini keng xalqaro qo‘llab-quvvatlashdan dalolat beradi. Agar Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzni to‘xtatmasa, hamkorlarimiz bilan yangi sanksiyalar qo‘llash imkoniyati bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettiramiz”, deya ta’kidlagan Ottava rasmiylari.

Yangi sanksiyalar yaqin kunlarda kuchga kirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Kanada Tashqi ishlar vazirligi cheklovlar ostida qolgan “Gazprom” va “Rosneft” xodimlarining ro‘yxatini taqdim etmagan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

6

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing