Qozog‘istonda qo‘shni davlat fuqarolari ham qo‘lga olindi

Olam

image

Qozog‘istondagi tartibsizliklardan so‘ng mamlakat huquq-tartibot organlari 4,2 mingdan ortiq odamni hibsga oldi. Ular orasida qo‘shni davlat fuqarolari ham bor. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

“Politsiya 4266 kishini qo‘lga olgan. Ular orasida qo‘shni davlat fuqarolari ham bor”, deyiladi TASSning Qozog‘iston IIVga asoslanib tarqatgan xabarida.

IIBga ko‘ra, Olma-otadagi qishloqlardan birida 100 dan ortiq odam ushlangan. Shuningdek, Jambildagi qishloqlardan birida ham qurol-yarog‘ ombori topilgan. 

Bundan tashqari, texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan birida Olma-otadagi politsiyachilar patronlar, o‘q-dorilar va o‘g‘irlangan mol-mulklar (velosiped, televizor va uyali telefon)ni tortib olgan.

Avvalroq, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olingani haqida xabar bergan edik. 

Shuningdek, Birinchi Prezidentning sobiq maslahatchisi Yermuxamet Yertisbayev “Xabar-24” telekanaliga bergan intervyusida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi mamlakat tog‘li hududlarida namoyishchilar o‘rgatilayotgani aytilgan o‘quv lagerlari haqidagi ma’lumotlarni yashirganini ma’lum qilgandi. 

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda davlatga xiyonat qilishda aybdor bo‘lganlar o‘n yildan o‘n besh yilgacha Respublika fuqaroligidan mahrum etilishi mumkin.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

360

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing