Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
06 yanvar 2022
12969Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etildi. Bu haqda kecha 5 yanvar kuni kechasi “Mir-24” telekanali xabar berdi.
Kecha kunning birinchi yarmida Prezident Qosim-Jomart To‘qeav Mang‘istau va Olma-Ota viloyatlari, shuningdek, Olma-Ota va Nur-Sultonda ikki haftalik favqulodda holat joriy qilgan edi. Favqulodda holat 5 yanvardan 19 yanvargacha davom etishi belgilangan.
Favqulodda holat butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvarga qadar amal qiladi. Boshqa viloyatlarda ham ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari komendantlikni egallaganiga aytilmoqda.
Qayd etilishicha, favqulodda holat harakat erkinligi, jumladan, transport cheklovlarini ham nazarda tutadi. Fuqarolarga yig‘ilishlar va ommaviy tadbirlarni, shu jumladan tug‘ilish, nikoh to‘yi yoki o‘lim bilan bog‘liq oilaviy marosimlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi. Soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati mavjud.
Qozog‘istonning qator viloyatlarida tartibsizliklar davom etmoqda.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Ermek Sagimbayev egalladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi