Deputatlar Prezidentning Qoraqalpog‘istondagi favqulodda holatga oid farmonini tasdiqladi
Jamiyat
−
14 iyul 2022
8146Bugun, 14 iyul kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida”gi farmoniga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi farmoni tasdiqlandi.
Ushbu farmonga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etilgan komendantlik soatining amal qilish vaqti soat 23:00 dan soat 5:00 ga qadar etib belgilandi (avval — soat 21:00 dan soat 7:00 ga qadar).
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr