Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar O‘zbekistonga necha milliard zarar keltirgani aytildi
Jamiyat
−
18 iyul 2022
18840Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar sabab fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari, davlat va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga 3 mlrd 147 mln so‘m zarar yetkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 16 iyul holatiga ko‘ra, Bosh prokuratura tergov-tezkor guruhi tomonidan o‘tkazilgan tergov harakatlari doirasida:
● hodisa yuz bergan hududlar va joylar ekspert va mutaxassislar ishtirokida to‘liq ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 550 dan ortiq ashyo va narsalar rasmiylashtirib olindi;
● yetkazilgan zararning haqiqiy miqdorini aniqlashga qaratilgan choralar ko‘rilib, hozirga qadar fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari, davlat va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga 3 mlrd 147 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi;
● jinoyat sodir etgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar doirasida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, belgilangan tartibda ushlangan fuqarolarning himoya huquqi advokat orqali amalga oshirishi to‘liq ta’minlangan, ularning ushlanganligi va qamoqqa olinganligi hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan.
Shamsutdinovning so‘zlariga ko‘ra, saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar to‘la ta’minlangan. Ushlanganlarning sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha e’tirozlari mavjud emas.
“Ma’lum qilamizki, tergov-tezkor harakatlari jinoyat-protsessual qonunchilik va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan demokratik tamoyillari va talablariga to‘liq rioya qilgan holda olib borilmoqda, tergovga jalb qilinayotgan shaxslarning qonunda belgilangan barcha protsessual huquqlarini kafolatli ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Shu bilan birga, tergovning har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida ommaviy tartibsizliklar davomida huquq-tartibot organlari – xavfsizlik kuchlari harakatlarining qonuniyligi ham tergov yo‘li bilan tekshirilmoqda”, deydi BP vakili.
Hayot Shamsutdinov tergovning shaffofligini ta’minlash uchun ommaviy axborot vositalarida tergovning borishi va natijalari haqida ma’lumotlar taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab, ba’zi xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda voqeada ishtirok etgan ayrim fuqarolar bedarak yo‘qolganligi haqida mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan “feyk” xabarlar tarqatilayotganini qo‘shimcha qildi.
"Vaholanki, tarmoqlarda tarqatilgan ro‘yxatda ko‘rsatilgan bir qism fuqarolar o‘z yashash uyida ekanliklari, bir qismi Qoraqalpog‘iston hududidan chetga chiqib ketganliklari, ayrimlari esa, umuman mavjud bo‘lmagan shaxslar ekanligi aniqlandi. Shunday bo‘lsa-da bu holat ham Bosh prokuratura tezkor-tergov guruhi tomonidan nazoratga olindi va hozirgi vaqtda yana bir bor chuqur o‘rganib chiqilmoqda", deydi u.
Bosh prokuratura vakili Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqea-hodisalar yuzasidan biron-bir ma’lumotga yoki ishga aloqador ashyolarga ega bo‘lgan fuqarolardan, ularni tergov-tezkor guruhiga taqdim etishni so‘ragan.
"Zotan, tergovni xolisona va qonuniy amalga oshirishda Sizning ko‘magingiz va hamkorligingiz ham muhimdir. Bosh prokuratura tergov-tezkor guruhi Siz bilan qonun doirasida yaqin hamkorlik o‘rnatishga tayyorligini ma’lum qilamiz", deya so‘zini yakunlagan Shamsutdinov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Joriy yilning 15 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzildi. Unga Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova raislik qiladi.
LiveBarchasi