Qodirov rossiyaliklarni safarbarlikka chaqirdi
Olam
−
18 may 2022
12665Hozir Rossiyada safarbarlikka ehtiyoj yo‘q, lekin ruslar o‘zlarini safarbar qilib, Prezident Vladimir Putin atrofida birlashishi kerak. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov “Znaniye” birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan “Yangi ufqlar” marafonida shunday fikr bildirdi.
“Menga safarbarlik bo‘lishi to‘g‘rimi, deb juda ko‘p savollar berishadi (Ukrainadagi “maxsus operatsiya” munosabati bilan – tahr.). Men javob hech kim safarbarlik e’lon qilishi kerak emasligini, barchamiz o‘zimiz safarbar bo‘lishimiz va birlashishimiz, Prezidentimi atrofda turishimiz hamda davlatimiz xavfsizligini ta’minlashimiz kerak deyman. Bu vatanparvarlik”, degan Qodirov marafondagi chiqishida.
Qodirovning aytishicha, Donbassni “himoya qilish bo‘yicha maxsus operatsiya” 100 foiz bajarilmoqda.
“Menda harbiy amaliyot bor. Hozir biz 100 foiz reja bo‘yicha ketyapmiz va Ukrainani bu shaytonlardan ozod qilamiz”, degan u.
Checheniston rahbarining aytishicha, ayni damda vaziyat tinch.
“Prezident oldimizga qo‘ygan [vazifasi] bo‘yicha biz rejani bajarayapmiz. Biz 100 foizga bajaryapmiz”, degan u yana bir bor.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi