Qirg‘izistondagi vaziyat: parlamentning yangi spikeri ham iste’foga chiqdi. Jeenbekov niyatini aytdi

Olam

image
Almazbek Atamboyev hibsga olindi north_east

Almazbek Atamboyev hibsga olindi

Qirg‘iziston rahbariyati tarkibi to‘liq shakllanishga ulgurmay, yana bo‘shliqlar paydo bo‘lib qolyapti. Bugun, 10 oktyabr kuni Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Keneshining yangi saylangan spikeri Miktibek Abdildayev parlament deputatlari yig‘ilishida iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.

Bishkekda o‘tayotgan Jo‘qorg‘i Kenesh sessiyasi xavfsizligini poytaxtga kiritilgan harbiylar ta’minlab turibdi. Yig‘ilishni vitse-spiker Mirlan Bakirov olib boryapti.

Majlisda Bosh vazir lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Sadir Japarov ham ishtirok etyapti. U deputatlarga o‘z dasturini taqdim etdi.

Japarovning deputatlarga Prezident Sooronbay Jeenbekov Hukumat tasdiqlangach, iste’foga chiqish niyatida ekanini ham aytib o‘tdi. Bu haqda u majlis boshlanishidan avval davlat rahbari bilan suhbatlashganda, uning o‘zidan eshitganini bildirdi.

Avvalroq, Sooronbay Jeenbekov Xavfsizlik kengashi kotibi Damir Saginbayev va uning o‘rinbosari Omurbek Suvanaliyevni ham lavozimidan ozod qildi.

Ma’lumot uchun, tartibsizliklar boshlangach, Jeenbekov ommaga ko‘rinish bermay qo‘yganda Suvanaliyev davlat bojxona xizmatiga davlat rahbarini mamlakatdan chiqarmaslik ko‘rsatmasi berilganini aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Jumabekov o‘rnini Miktibek Abdildayev egalladi. Boronv o‘rniga Japarov nomzodi ko‘rsatildi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

274

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing