Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nazorat punktlari vaqtincha yopildi

Olam

image

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi nazorat punktlari vaqtincha yopilgan. Bu haqda brifingda Davlat chegarasini muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nazarali uulu Talantbek ma’lum qildi, deya yozmoqda “Kabar”.

“Ilgari chegara hodisalari mahalliy darajada ro‘y bergan bo‘lsa, bu safar ular birdaniga ikkita hududda sodir bo‘ldi. Shuning uchun ham bizning, ham ularning hududlarida xavfsizlikni saqlab qolish uchun ikki davlat o‘rtasidagi nazorat punktlari vaqtincha yopildi”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz-tojik chegarasidagi bu o‘tgan qurolli to‘qnashuvlar so‘nggi 10 yil ichidagi eng yirik to‘qnashuvga aylangan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro

Joriy yilning 28 aprel kuni Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.

Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi

Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

Shu kunning o‘zida Japarov va Rahmon telefon orqali suhbatda may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan edi.

1 may kuni ikki davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitalari rahbarlari chegara hududida uchrashib, o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga kelishib oldi.

Shuningdek, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi mojaro tojik tomoni suv inshooti oldida kuzatuv kameralarini o‘rnatishni boshlashi ortidan boshlanganini ma’lum qildi.

2 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylar va harbiy texnikani chegaradagi qurolli to‘qnashuv zonasidan olib chiqishni boshladi.

Keyinchalik, Rasmiy Bishkek va Dushanbe chegaraning umumiy qismini tavsiflash jarayonini faollashtirishga kelishib olgani ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Qirg'iziston

Baholaganlar

34

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing