Qirg‘iziston parlamentiga 10 kun ichida ikkinchi spiker saylandi
Olam
−
13 Oktabr 2020
7633Bugun, 13 oktyabr kuni “Ala-Archa” davlat rezidensiyasidaQirg‘iziston parlamenti Jo‘qorg‘u Keneshning navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan parlament spikerini saylash kiritildi.
Xalq deputatlari bu lavozimga Kanatbek Isayev nomzodini ko‘rsatdi.
Uning nomzodini 78 nafar deputat Isayev nomzodini qo‘llab-quvvatladi, 2 nafari qarshi bo‘ldi.
Parlamentning yangi spikeri Jo‘g‘org‘u Keneshga yangi saylov o‘tkazilguncha ba’zi qonunlarga o‘zgartirish kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, parlament hozirgidek og‘ir kunlarda ishlashi va mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlashi kerak.
Shuningdek, Kanat Isayev Prezident Sooronbay Jeenbekovning iste’fosiga qarshi ekanini bildirdi.
“Prezident mamlakatdagi qonuniylik va barqarorlik garovidir. U qolishi kerak”, degan Isayev.
Avvalroq, Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastanbek Jumabekov mamlakatda boshlangan namoyishlar fonida iste’foga chiqqani haqida xabar bergan edik. Uning o‘rinini vaqtincha Miktibek Abdildayev egalladi. Ammo u ham oradan ko‘p o‘tmay iste’fosini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.
LiveBarchasi