Qancha rossiyalik harbiy Ukrainada qolayotgani aytildi

Olam 18179
image

Ayni vaqtda Ukrainada 90 ming atrofida rossiyalik harbiy bor. Bu haqda Ukraina Prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich ma’lum qildi.

“Hozir 90 mingga yaqin kishi Ukraina hududida, 22 mingga yaqini esa chegaralar bo‘ylab butalar orasiga yashirinib, onalariga va otalariga “Biz urushishni xohlamaymiz, xohlamaymiz, bu juda qiyin. Bu yerda qo‘rqinchli, men bu yerdan ketsam bo‘ladimi, deb hisobot yozishmoqda”, degan Arestovich.

Ukraina Qurolli Kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 20 aprel holatiga 20 900 atrofida rossiyalik harbiy yo‘q qilingan. Bundan tashqari, 815 ta tank, 2087 ta zirhli jangovar mashina, 391 ta artilleriya tizimlari, 136 ta yalpi reaktiv hujum tizimlari, 67 ta havo hujumidan mudofaa vositalari, 171 ta samolyot, 150 ta vertolyot, 1504 ta avtomobil, 8 ta kema/kater, 76 ta yonilg‘i sisternasi, 165 ta dron, 27 ta maxsus texnika yo‘q qilingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 50
Reyting: 3.1
t
×