Qancha oyoq, qo‘l, bosh uchib ketishi kerak? – Zelenskiy AQSHdan Ukraina uzra parvozni taqiqlashni so‘rayapti

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi va AQSHning mamlakat osmonini yopish to‘g‘risida qaror qabul qilishiga umid bildirib, ularga bu borada muddat belgilashni taklif qildi.

Agar buning iloji bo‘lmasa, Zelenskiy Kiyevga harbiy samolyotlar berishni so‘radi.

“Men sizdan osmonni yopishingizni iltimos qilaman, agar osmonni yopishga kuchingiz, qudratingiz yetmasa, menga samolyotlar bering. Yoki bu adolatsizlikmi?”, degan Vladimir Zelenskiy xorijiy OAVga bergan intervyusida.

Ukraina Prezidenti G‘arbdagi sheriklaridan mamlakat osmonini yopish bo‘yicha muhlat berishni ham so‘ragan.

“Agar hozir osmonni yopa olmasangiz, muddatni belgilang. Agar buni hozir qila olmasangiz, ayting-chi, sizga yetib borish uchun qancha odam portlashi, qancha qo‘l, oyoq, bosh uchib ketishi kerak? Qanchaligini ayting, men borib hisoblab, shu daqiqani kutaman”, degan Zelenskiy.

Uning fikricha, Ukrainani harbiy aviatsiya bilan ta’minlash qarori AQSH va Polshaga bog‘liq.

“Bizga samolyotlar kerak, bu muammoni hal qilish bugun Polsha va AQSHda. Men ularni ayblamayman, chunki ular juda ko‘p yordam qilishyapti va men minnatdorman. Kim ko‘proq yordam qila olishini bilmayman”, deya Zelenskiy.

Zelenskiy harbiy aviatsiyasiz Ukraina katta yo‘qotishlarga uchraganini tan olgan.

Qayd etish kerakki, Zelenskiy birinchi marta Ukraina osmonini harbiy samolyotlar uchun yopishni so‘rab AQSHga murojaat qildi. Biroq Vashington ham, uning ittifoqichilari ham bu Rossiya bilan keng ko‘lamli urushga olib kelishidan hadiksiramoqda.

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uzra uchish taqiqlangan hudud tashkil qilish Rossiya bilan urushga sabab bo‘lishi mumkin.

“AQSH Prezidenti Jo Bayden Amerika qo‘shinlari Ukrainada Rossiyaga qarshi jang qilmasligini aniq aytdi. Uchish taqiqlangan hududni tashkil qilgach, uni saqlab qolish Rossiya samolyotlari bilan to‘qnashishni talab qiladi. Bu bizga Rossiya bilan urush xavfini keltirib chiqaradi”, degan Ostin.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

78

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing