Imomo‘g‘li ishi doirasida sud qarorlari chiqa boshladi
Olam
−
23 mart
6868Korrupsiya va terror tergovida hibsga olish talabi bilan Tinchlik sudiga yuborilgan Istanbul shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘li bilan bog‘liq sud qarorlari e’lon qilina boshlandi. Bu haqda CNN Turk xabar berdi.
Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va 99 gumonlanuvchiga nisbatan “jinoiy tashkilot yetakchisi bo‘lish”, “jinoiy tashkilotga a’zo bo‘lish”, “tovlamachilik”, “pora olish”, “og‘irlashtirilgan firibgarlik” va “tenderni soxtalashtirish” kabi jinoyatlar bo‘yicha tergov ishlari olib borilgan.
Politsiya bo‘limida ko‘rsatma berilgandan so‘ng, gumondorlarning bir qismi Chag‘layandagi Istanbul sudi binosiga yuborilgan va ularning navbatchi tinchlik sudyaligidagi tartiblari yakunlangan.
Sudya gumonlanuvchilar Ali Ilbak, Adem Tunsay, Ahmet Koksal, Ali Nuhog‘li, Eyup Suboshi, Komil Timur Delibosh, Murat Abbos, Mete Sarialtun, Alper Aydin, Serdal Tashkin, Serkan O‘zturk, Mustafo Nihat Sutlash, Suleyman Atik, Ahmet Chichek, Yusuf Sutlash, Yusuf Ilbak, Servet Go‘kchay, Servet Go‘kcheyni hibsga olishga qaror qilgan.
Gumondorlar Ahmet Palazog‘li, Alihan Aydin, Erjan Saatchi, Alperen Aydin, Bayram Tashkın, Sanan Munuklu, Jemal Ufuk Karakaya, Birsen Shahin va Vahit Do‘g‘anning esa “chet elga chiqishni taqiqlash” va “imzo shaklida sud nazorati chorasi” qo‘yib, ozod qilinishiga qaror qilingan.
“Boshqa gumonlanuvchilarni so‘roq qilish sudyalik binosida davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.