Erdo‘g‘anni qulatishi mumkin bo‘lgan shaxs. Istanbul hokimi kim o‘zi?
Tahlil
−
22 mart
21016Tez-tez dunyo e’tibori markazida bo‘ladigan Turkiya bu gal ham sahnani bo‘sh qoldirmadi. Xabaringiz bor, 19 mart kuni muxolifatchi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi Turkiyada katta namoyish va norozilik yurishlariga sabab bo‘ldi. 23 mart sanasi yaqinlashgani sari nafaqat uning partiyasi yoki Istanbul, balki butun Turkiya hayajoni ortmoqda. Xo‘sh, voqealar markazida turgan Ekrem Imomo‘g‘li o‘zi kim? Uning mavqeyi Rajab Toyib Erdo‘g‘andan balandmi? Maqolada shular haqida so‘z boradi.
Imomo‘g‘li kim?
Asli tadbirkor (quruvchi) 55 yoshli Ekrem Imomo‘g‘li Istanbul hokimi va ayni vaqtda muxolif Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) vakili hamdir. Shuningdek, u Prezident Erdo‘g‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP)ni ketma-ket uchta mahalliy saylovda mag‘lub etgan yagona shaxs hisoblanadi.
Ekrem Imomo‘g‘li JXPga 2008 yilda partiyaning ATPga mag‘lub bo‘lib, nufuzi ancha pasaygan bir davrda a’zo bo‘lgan. Mustafo Kamol Otaturk tomonidan asos solingan bu partiya uzoq yillardan buyon hokimiyatni egallamagan bo‘lsa ham, asosiy muxolifat o‘laroq faoliyat ko‘rsatib keladi.
2009 yilda Imomo‘g‘li partiyaning yoshlar qanoti yetakchisi etib saylandi. Shunday qilib, uning obro‘yi ko‘tarilib bordi va 2014 yilda Istanbulning Beylikduzu shahriga hokim bo‘lib saylandi.
2017 yilda u iste’foga chiqqan Istanbul meri Qodir Topbosh (ATP vakili) o‘rnini egallashga urindi, ammo shahar kengashi Topboshning muddatini yakunlash uchun lavozimga ATP nomzodi Mavlud Uysalni sayladi. Shunday qilib, Imomo‘g‘li Istanbulga bosh bo‘lish uchun 2019 yilgi saylovni kutishga majbur bo‘ldi. O‘sha yili mart so‘ngida o‘tkazilgan saylovda u kichik farq bilan bo‘lsa-da, g‘alaba qozondi. Bu mag‘lubiyat uzoq yillar davomida shaharni boshqarib kelayotgan ATP uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Saylov davomida Erdo‘g‘an shahar haqida shunday degan edi:
“Kim Istanbulni zabt etsa, o‘sha Turkiyani zabt etadi”.
G‘oliblikka qaramasdan, Imomo‘g‘li lavozimda bor-yo‘g‘i 18 kun qoldi. Chunki Oliy saylov kengashi ovoz berish jarayonida qonun buzilishlari sodir etilganining iddaosi bilan natijalarni bekor qildi va iyunda takroriy ovoz berish o‘tkazilishini ma’lum qildi. Ammo 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan qayta saylovda Imomo‘g‘li yanada kattaroq farq bilan g‘alaba qozondi: oldingi 16 ming ovoz farqi 800 mingga yetdi.
2024 yilgi mahalliy saylovlarda ham Imomo‘g‘li va uning partiyasi yana g‘olib bo‘ldi. Bu safar muxolifat respublikaning barcha yirik shaharlarida, jumladan, Adana, Anqara, Antaliya, Bursa, Izmir va Istanbulda g‘alaba qozondi. O‘shanda Imomo‘g‘li 50,8% ovoz bilan o‘z lavozimida qoldi, hukmron partiya nomzodi Murod Qurum esa 40% ovoz bilan unga yutqazdi.
Prezidentlikka to‘siqlar: hibs
23 mart, yakshanba kuni JXP ichki saylov o‘tkazishi va 2028 yilgi prezidentlik saylovlari uchun o‘z nomzodini ko‘rsatishi ma’lum qilingandi. Ammo bunga juda oz fursat qolganida partiyadan nomzod qilib ko‘rsatilishi kutilayotgan va ketma-ket g‘alabalar ortidan xalq orasida hurmati oshib borayotgan Imomo‘g‘li va uning 106 tarafdori Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish, korrupsiya hamda reketlik kabi noqonuniy harakatlarda ayblanib hibsga olindi. Bundan tashqari, unga terrorchilik bilan bog‘liq ayblovlar ham qo‘yilgani aytilmoqda. Muxolif partiya bularning barchasini siyosiy fitna deb atab, Erdo‘g‘an hukumatini Imomo‘g‘lini siyosiy maydondan olib tashlashga urinishda aybladi. Turkiya Adliya vaziri esa sud tizimi mustaqil ishlayotganini ta’kidlab, hukumat tomonidan bosim o‘tkazilayotganini rad etdi.
Bu safargi hibs Imomo‘g‘li uchun birinchisi emas, u bungacha ham ko‘plab huquqiy muammolarga duch kelgan. 2019 yilgi mahalliy saylov natijalarining bekor qilinishi ortidan, Imomo‘g‘li Oliy saylov kengashi a’zolarini “ahmoq” deb haqorat qilganlikda ayblanib, 2022 yilda ikki yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilingan. U apellyatsiya shikoyatini kiritgan va jarayon davom etayotganligi sababli, Imomo‘g‘li hozircha bu ish doirasida qamoqqa olinmagan va taqiq hali kuchga kirmagan.
Hibsga olish va qo‘yilayotgan ayblovlar Imomo‘g‘li oldida turgan muammolarning hammasi emas. Gap shundaki, Istanbul universiteti 1990 yilda Kipr shimolidagi xususiy universitetdan uning biznes boshqaruvi fakultetiga o‘tishida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni sabab qilib ko‘rsatib, Imomo‘g‘lining diplomini bekor qildi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, faqat oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslargina prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun ham universitetning bu qarori Imomo‘g‘lini prezidentlik poygasidan chiqarib tashlashga qaratilgan huquqiy to‘siq sifatida ko‘rilmoqda.
Oyoqqa turgan xalq
Istanbul hokimligi davrida Imomo‘g‘li ko‘proq aholi turmush sharoitini yaxshilashga, xususan, shahar infratuzilmasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratgani aytiladi. Balki shuning uchun ham xalq orasida uning tarafdorlari ko‘payib borgandir. Imomo‘g‘lining mashhurligi ortib borar ekan, ko‘pchilik uni bo‘lajak prezident sifatida ko‘rishni boshladi.
Uning hibsga olinishi ortidan esa namoyishlar boshlanib ketdi. Partiya yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel va Ekremning ayoli Dilek Imomo‘g‘li esa omma oldida tashabbuskor nutqlar qilmoqda. Bu orada Istanbul rasmiylari shaharda ommaviy tadbirlarni 23 martgacha taqiqladi, biroq JXP rahbari o‘z tarafdorlarini Istanbul hokimining hibsga olinishiga norozilik bildirishga chaqirgani ortidan cheklovlarga rioya qilinmadi. Ko‘p ming kishilik miting ishtirokchilari Imomo‘g‘li bilan birdamlik shiorlarini aytib, hukumat va Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an iste’fosini talab qilmoqda.
Ikki raqib karerada o‘xshash. G‘oyalarda-chi?
Ko‘pgina tahlilchilar Ekrem Imomo‘g‘li va Rajab Toyib Erdo‘g‘anning karerada o‘xshash jihatlari borligini ta’kidlaydi. Masalan, ikkisi ham Qora dengiz bo‘ylarida ulg‘aygan, diniy ta’lim olgan va jonkuyar futbolchi bo‘lgan hamda siyosatdagi muhim pozitsiyalari Istanbulga hokimlikda shakllangan. Eng qizig‘i, har ikkisi ham bakalavrlik diplomlari bilan bog‘liq mojarolarga duch kelgan. Kareradagi bunday o‘xshashliklarga qaramay, Imomo‘g‘li o‘z qarash va g‘oyalarining Erdo‘g‘annikidan tamoman farq qilishini aytadi.
Erdo‘g‘an siyosatga diniy qarashlar bilan kirib kelgan va faoliyati davomida ham bundan ustomonlik bilan foydalangan bo‘lsa, Imomo‘g‘li uning aksi o‘laroq sekulyar qarashdagi partiyaning o‘ziga xos vakili hisoblanadi. Quyida ikki siyosatchining g‘oyalardagi farqli jihatlarini ochiq manbalar asosida sanab o‘tamiz:
- Davlat boshqaruvi. Imomo‘g‘li kuchli parlament tizimini yoqlaydi, Erdo‘g‘an esa prezidentlik tizimini qo‘llab-quvvatlaydi va 2017 yilda buni qonun bilan mustahkamlab qo‘ydi.
- Sekulyarizm va din. Imomo‘g‘li davlat va dinni ajratishni muhim deb biladi va Otaturk siyosatini davom ettiradi. Erdo‘g‘an esa islomiy qadriyatlarni tatbiq etish tarafdori.
- Iqtisodiy siyosat. Imomo‘g‘li ijtimoiy adolatga asoslangan iqtisodiy modelni ilgari suradi. Erdo‘g‘an esa bozor iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlaydi, lekin davlat nazoratini kuchaytirish tarafdori.
- Tashqi siyosat. Imomo‘g‘li G‘arb bilan mustahkam aloqalarni yoqlaydi, Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga yaqinlashishini istaydi. Erdo‘g‘an esa mustaqil tashqi siyosat yuritadi. NATO a’zosi bo‘lsa-da, Rossiya va Xitoy bilan ham yaqin hamkorlik qiladi. AQSH va G‘arb bilan ayrim masalalarda kelishmovchiliklarga ega.
Turkiyalik siyosatshunos Berk Esen Imomo‘g‘lining yuritayotgan siyosatiga baho berar ekan, uning dunyoviy partiyada musulmon ekani, ravon nutqini alohida ta’kidlagan.
“U muxolifat tarafdorlarining barcha qatlamlarini, turk yoki kurdmi, sunniy, shia yoki alaviymi, yosh yoki qarimi hammasini o‘ziga jalb qila oladi”, degan u.
Shuni ham aytib o‘tish lozimki, amaldagi Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat rahbari o‘z lavozimida ketma-ket ikki muddatdan ko‘p saylanishi mumkin emas. 2023 yilning mayida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Erdo‘g‘an ikkinchi besh yillik muddatga qayta saylangan va uning vakolat muddati 2028 yilda tugaydi. Ammo Erdo‘g‘an muddatidan oldin saylov o‘tkazish orqali hokimiyatda qolishga harakat qilayotganlikda ayblanmoqda.
Voqealar sur’ati jadallik bilan kechayotgan bir paytda yakuniy xulosa qilish imkonsiz, shunday ekan, jarayonlarni kuzatishda davom etamiz.
LiveBarchasi