“Iqtisodiyot uchun halokatli zarba”. AQSH Putinning urush uchun yiqqan-terganini bloklab qo‘ydi

Olam

image

AQSH Moliya vazirligi Rossiya Markaziy banki, Milliy farovonlik jamg‘armasi (MFJ) va Rossiya Moliya vazirligi bilan operatsiyalarni taqiqladi. Bu haqda AQSH Moliya idorasi saytida e’lon qilindi.

Amerikaning Markaziy bank va MFJga qarshi sanksiyalari ularni AQSHdagi yoki dollardagi aktivlarga kirish huquqidan mahrum qiladi. Moliya vazirligiga ko‘ra, SWIFT tizimidan uzilishi kerak bo‘lgan Rossiya banklari ro‘yxati hali ham ishlab chiqilmoqda. 

Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi va uning rahbari Kirill Dmitriyevga qarshi ham sanksiyalar kiritdi.

Rossiya Bankiga qarshi sanksiyalar Eron yoki Suriya Markaziy banklari bilan bo‘lgani kabi SDN ro‘yxatiga (Amerika moliya tizimidan to‘liq izolyatsiya) kiritish emas.

“Reuters” agentligi tahlilchilari bu cheklovlarni Rossiya iqtisodiyoti uchun halokatli zarba deb baholagan.

“Bizning maqsadimiz, agar Prezident Putin Ukrainaga bostirib kirishni davom ettirishga qaror qilsa, Rossiya iqtisodiyotini tanazzulga uchratishdir va bizda bu [sanksiyalarni] yana davom ettirish uchun vositalar bor”, degan Oq uyning yuqori martabali mulozimi “Reuters” agentligiga.

Oq uy vakili Prezident Putinning urush uchun yig‘gan mablag‘i 630 mlrd dollarga baholanayotganini aytib, bu pullardan foydalana olmasa, befoyda ekanini ta’kidlagan.

“Putin bu zaxiralarni sotib, Rossiya valyutasini qo‘llab-quvvatlash uchun foydalana olsagina bu (zaxira mablag‘lari) biror ahamiyatga ega bo‘ladi. Bugun joriy qilingan choralardan keyin ulardan foydalanish imkonsiz bo‘ladi va hamma “Rossiya (moliyaviy) qalasi” afsona ekanini tushunadi”, degan ma’muriyat vakili.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

140

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing