IIVdan imi-jimida g‘oyib bo‘lgan Rahmonov o‘rnini boshqasi egalladi
Jamiyat
−
11 mart 28299 2 daqiqa
Avvalroq, QALAMPIR.UZ o‘z manbasiga tayanib, Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i polkovnik Shavkat Rahmonov ishdan olingani haqida xabar bergan edi. Endilikda bu rasman tasdiqlandi va uning o‘rniga polkovnik Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda bugun, 11 mart kuni Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Andijon viloyati IIB boshlig‘i lavozimini egallab kelgan polkovnik Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi bilan esa Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti rahbari lavozimiga polkovnik Ulug‘bek Shuhratovich Toshxo‘jayev tayinlandi.
Bu tayinlovlar bugun, 11 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida o‘tkazilgan mamlakatda jinoyatchilikka qarshi kurashish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish masalalarini takomillashtirishga qaratilgan vazifalarning ijrosi yuzasidan tezkor yig‘ilishda e’lon qilindi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ullari, Ichki ishlar vazirligi hamda sohaviy xizmatlarning rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar prokurorlari hamda Ichki ishlar organlarining boshliqlari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni 2017 yildan beri Ichki ishlar vaziri sifatida ishlab kelgan Po‘lat Bobojonov lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Uning o‘rniga Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Aziz Toshpo‘latov Ichki ishlar vaziri etib tayinlandi.
Live
Barchasi