Farg‘ona viloyati IIBga yangi rahbar tayinlandi

Jamiyat

image

Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyat hokimligida Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, huquq-tartibot idoralari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda joriy yilning 27 yanvar kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat va jamiyat xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi mavjud holat atroflicha muhokama qilingan.

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Chilonzor tumani misolida joriy etilgan yangi tizim, uning mazmun-mohiyati va mazkur tajribani Farg‘ona viloyatida samarali tatbiq etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning barvaqt oldini olish borasida muayyan ijobiy ishlar amalga oshirilgani qayd etilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori ekani, mahallalarda ishni tashkil etishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi. Aniq misollar orqali mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangani ma’lum qilingan. 

Qayd etish joiz, Ayubxon Rahmatullayev kecha, 28 yanvar kuni Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga tayinlangan Azizbek Ikromovning o‘rnini egalladi.

Ayubxon Rahmatullayev bungacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ayubxon Rahmatullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing