Kurs UZS

USD

12 968.38

-4.93

EUR

14 343.03

14.01

RUB

152.37

1.18

Po‘lat Bobojonov o‘zidan nima meros qoldirib ketdi

Jamiyat

2017 yildan beri Ichki ishlar vaziri sifatida ishlab kelayotgan va necha yillardan beri faollar tomonidan ishdan ketishi so‘ralayotgan Po‘lat Bobojonov bugun, 3 mart kuni lavozimidan ozod etildi. Ammo Po‘lat Bobojonovning nima uchun ishdan ketgani haqida hech qanday axborot ochiqlanmadi.

Ma’lumot uchun, Bobojonov Po‘lat Razzoqovich 1961 yilning 1 yanvarida Bog‘ot tumani, Xorazm viloyatida tug‘ilgan. 1977-1982 yillar davomida Toshkent davlat universiteti yuridik fakulteti talabasi bo‘lgan Bobojonov 1982 yilda harbiy xizmatni o‘tagan. O‘z mehnat faoliyatini esa 1982-1983-yillarda Gurlan tumani prokurorining yordamchisi vazifasida ish o‘rganuvchi sifatida boshlagan Bobojonov, 1991-1992 yillarda Xorazm viloyati Gurlan tumani prokurori, 2000-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari, 2005-2006-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, 2006-2011 yillarda Jizzax viloyati prokurori lavozimigacha ko‘tarilgan. U 2011 yilda qisqa muddatga Buxoro viloyati prokurori etib tayinlanganida uning prokuratura sohasidagi karerasi yakun topgan.

Ayni shu yildan u Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, 2012 yildan 2017 yilgacha naq 5 yil davomida Xorazm viloyati hokimi vazifalarida faoliyat olib borgan. Bobojonovning hokimlik faoliyati ham shu yerda to‘xtadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4 sentyabrdagi farmoni bilan Po‘lat Razzoqovich Bobojonov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri etib tayinlangan.

O‘shanda 9 oy Ichki ishlar vaziri bo‘lgan Abdusalom Azizovning o‘rnini favqulodda egallagan Bobojonov el-yurtning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma’nodagi xalqparvar ichki ishlar tizimini yaratish, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni faoliyatining asosiy mezoniga aylantirish hamda jamiyatda “Qonun va adolat ustuvorligi, jinoyatga jazo muqarrarligi” prinsipini qaror toptirishga va’da bergandi.

Xo‘sh, u 8 yillik Ichki ishlar vaziri nomli faoliyatida buning uddasidan chiqa oldimi?

Dastavval, bu lavozimga endigina tayinlangan 2017 yilda Bobojonov bir qancha yirik ishlarni amalga oshirgan edi. Masalan, u 11 oyda 200 nafar ichki ishlar xodimini jinoiy javobgarlikka torttirgan. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov fuqarolarning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘layotgan, nopok, tamagirlik, poraxo‘rlik va “Ichki ishlar organlari xodimi” degan nomga dog‘ tushirishi mumkin bo‘lgan salbiy xatti-harakatlarni sodir etishga moyil xodimlar yo‘q emasligini aytib, bu ishni qilgandi. 

“Jasliq” qamoqxonasining yopilishi ham 2019 yilda, aynan Bobojonovning vazirlik faoliyati gurkiragan paytda sodir bo‘ldi. Ammo 2020 yildan boshlab Po‘lat Bobojonov jamoatchilik uchun yopila boshladi. Faqatgina Prezident qarorlarining sharhi talabi uchun davlat telekanallariga beradigan kam sonli intervyularini hisobga olmasa, boshqa xususiy OAV vositalari arxividan uning intervyularini topish amri mahol.

Masalan, Bobojonov garchi Ichki ishlar vaziri bo‘lsa ham, mamlakatda sodir bo‘layotgan Ichki ishlar tizimiga oid voqea-hodisalar haqida rasmiy munosabat berib chiqmaydi. Mahkumlarning o‘z joniga qasd qilishi, qamoqxonalardan ularning murdasi chiqishi, IIB xodimlarining  xizmat quroli bilan o‘zini otib qo‘yishi, fuqarolarning Ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanishi.

Sarlavhalar shov-shuvli, xabarlar qanchalik dolzarb bo‘lmasin, Ichki ishlar vaziri jimligicha qolaverdi! Biror marta jamoatchilik uchun hisob berib o‘tirmadi.

Agar Senatda bir yilda ikki marta hisobot berishini inobatga olmasa, OAVda ham ko‘rinish beravermaydi. Jurnalist va blogerlar bilan bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanlariga esa yaqin ham yo‘lamaydi. Nega? Nahotki, Bobojonov jurnalistlardan shunchalik qo‘rqadi?

Ayni shu mazmundagi savol bilan 2022 yilning 1 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ichki ishlar vazirligi rasmiylari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mas’ullarga yuzlangandik. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, vazir janoblarining vaqti juda kam va o‘sha vaqt ham odatda viloyatlardagi safarlarda o‘tadi. Lekin vazir ijtimoiy tarmoqlarni doimiy ravishda kuzatib boradi.

Ichki ishlar vazirligi har bir mamlakatning muhim organi. Agar uni inson organizmining bir qismiga mengzasak, IIVni arterial qon tomiri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday ekan, sohaga doir muammo va kamchiliklar ham shunga yarasha bo‘ladi, albatta.

Bobojonov ichki ishlar sohasidagi qanday muammolarni hal qildi?

Uning davridan boshlab ichki ishlar sohasida gender tengligiga amal qilina boshlandi.

  • Po‘lat Bobojonov lavozimdaligida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 54 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderi berilgan. 
  • Yo‘l harakati xizmati xodimlari bodi-kameralar bilan ishlashga o‘tdi. Fuqarolarning ma’lumotlari maxsus planshetlar orqali tekshirilib, byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.
  • Xalq orasida “Ko‘cha” nomi bilan tanilgan kriminal guruhlarning qo‘lga olinishiga ham Bobojonov bosh-qosh bo‘lib turdi.

Ammo… 

  • Aynan Bobojonov faoliyatining 5 yili davomida O‘zbekistonda jinoyatlar soni 113 foizga, birgina 2024 yilda 27 foizga oshgan. 
  • O‘tgan yil davomida mamlakatda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, ularda 8901 nafar fuqaro jarohatlangan va 2203 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisalarining soni o‘tgan 2023 yil bilan solishtirilganda kamaygan bo‘lsa-da, 2020 yil bilan taqqoslanganda ancha yuqoriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining va jamiyatning muammolarini aytib chiquvchilar Po‘lat Bobojonovga murojaat qilib, undan najot kutadiganlar, muammolarni hal qilib beruvchilar anchagina.

Vazirlik matbuot kotibi o‘z vaziri va vazirligini uzoq yillar harchand himoya qilishga urinmasin, muammolar, shikoyatlar borgan sayin kattalashmoqda. G‘iyosov keyingi matbuot anjumanlariga Po‘lat Bobojonovni olib kelishga harakat qilishi, lekin va’da berolmasligini aytgandi. Va’da bermagani to‘g‘ri bo‘libdi, bu gaplar aytilganidan 2 yil o‘tibdi hamki, Bobojonov matbuot anjumanlarida baribir ko‘rinish bermadi. 

2024 yilda aynan uning davrida ichki ishlar xodimlarini tasvirga olmaslikka oid qonun loyihasining e’lon qilinishi ham Bobojonov shaxsiga nisbatan e’tirozlarni orttirib yubordi.

15 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 42 yoshli ayol va uning bolasi o‘ldirilib ketilgani, uyi esa yoqib yuborilgani ortidan 25 fevral kuni tergovga jalb qilingan  50 yoshli fermer Tohirjon Hayitov o‘lik holda oilasiga topshirildi.

Uning aytishicha, Tohirjon Hayitov joriy yilning 23 fevral kuni taxminan 12:00 larda Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi yashash uyidan tergovga olib ketilgan. Oradan ikki kun o‘tib, 25 fevral kuni u o‘lik holda oilasiga topshirilgan.

Fevral oyining o‘zida ikki kun ichida jazoni ijro etish koloniyasidan 2 o‘lik chiqqandi. 2024 yilning 23 may kuni Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 6-sonli qamoqxonada 24 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qilgandi.

2023 yilning 3 iyun kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etgan.

2022 yilda esa Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasidan Oyatullo Maxsumovning o‘ligi chiqqandi.

Shunday bo‘lsa-da, u jamoatchilik uchun eng yopiq vazir bo‘lib, qolaversa-da lavozimi va martabasi oshgandan oshib boraverdi.

2017-2018-yillarda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vitse-prezidenti bo‘lgan Bobojonov 2023-yil 18 fevralidan – O‘zbekiston Voleybol federatsiyasi raisi etib tayinlangan.

“Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan ichki ishlar vaziri, endilikda sobiq vazir 2024 yil 25 avgustda 1-darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan ham mukofotlandi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning o‘z Telegram kanalida ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan general-leytenant Po‘lat Razzoqovich Bobojonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallab kelgan Aziz Anvarovich Toshpo‘latov O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi. Bundan ilgariroq A.Toshpo‘latov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.

Yangi vazir Aziz Toshpo‘latov kim?

Aziz Anvarovich Toshpo‘latov general mayor. U 2015–2017 yillarda Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i.

2017 yil noyabr – 2019 yil iyun: Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i. 2019 yil iyunidan – 2020 yil martigacha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari.

2020 yil 16 mart – 2025 yil mart: Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan.

So‘nggi yangiliklar yuzasidan sharhlarni QALAMPIR.UZ’da kuzating va bu haqida tez orada bilib oling. Sobiq vazir Po‘lat Bobojonov haqidagi fikrlaringizni esa izohlarda qoldiring.


Maqola muallifi

Teglar

Po'lat Bobojonov Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo'latov general mayor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing