Kurs UZS

USD

12 964.43

-30.16

EUR

14 744.45

-17.4

RUB

158.28

0.6

Amir Temurning “temir razvedkasi”: barcha tomonlardagi ayg‘oqchi va josuslar

Tahlil

image

Kuni kecha, 9 aprelda Sohibqiron Amir Temur tavalludiga 689 yil to‘ldi. U o‘zi olib borgan janglar davomida turli harbiy strategik taktikalardan foydalanib, qo‘shiniga g‘alaba keltirgan. Manbalarni o‘rgangan tarixshunoslarga ko‘ra, Temur kuchli aql va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan. U kichik guruhlar (o‘nlik, yuzlik)ga taqsimlash yo‘li bilan butun qo‘shinni doimiy nazoratda ushlab tura olgan. Shuningdek, Temur yaratgan razvedka kuchli tizimga aylanib, strategik qarorlar qabul qilishda unga asos bo‘lgan. Maqolada Amir Temurning razvedka va harbiy strategiyasi haqida so‘z boradi.

Savdogardan qalandargacha: Temurning josuslari kimlar edi?

Tarix fanlari doktori Hamdam Sodiqov o‘zining 25 yil davomida yozilgan “Amir Temur saltanatining xavfsizlik xizmati” tarixiy badia(tarixiy voqealar, shaxslar yoki davrlar asosida yaratilgan adabiy asar)sida shunday deydi:

“Josuslarning bunisi Qohirada, Muiziyada bo‘lsa, unisi Damashqda, Shamiysoniyadagi so‘fiylardan biri edi. Ulardan biri chakanafurush bo‘lsa, ikkinchisi yirik savdogar, badxulq polvon va buzuqi dorboz, jafokor va hunarmand, munajjim va o‘z tabiaticha ish qiladigan, gapchinoz qalandarlaru sayoq darveshlar, dengizchi mallohlaru quruqlikdagi sayyohlar, zarofatli meshkoblar, latofatli etikdo‘zlar, alvasti va hiylakor Dalla misoli firibgar kampirlar tajribasi bo‘lib, ilm talabida mag‘ribu mashriqni kezgan, payiga tushgan maqsad yo‘lida makru hiyla makonida kamolga yetgan, o‘zining nozik firibi va dahosi bilan, suv bilan olov, to‘g‘rilik bilan egrilik o‘rtasida unib o‘sgan, makru hiylada Soson va Abu Zeyddan ham o‘tib ketgan, ikki muxolifni bir-biriga biriktirib, ikki dushmanni bir-biriga qo‘shgan uddaburon kishilar edi”.

Amir Temur haqida ko‘plab ma’lumotlar yozib qoldirgan uning zamondoshi Ibn Arabshoh Temur razvedkasi haqida shunday deydi:

“U barcha tomonlarga o‘z ayg‘oqchilarini tarqatib, qolgan mulklariga esa josuslar qo‘ygan edi”.

Hamdam Sodiqovga ko‘ra, Ibn Arabshoh Temurning josuslari chor-atrofda bo‘layotgan hodisalar va ularning xabarlarini muntazam yetkazib turgani va hatto shaharlar suratini chizib ko‘rsatganini yozib qoldirgan. Ular kuzatilayotgan manzilning geografiyasi, boshliqlari, boylari va hurmatga sazovor boshqa shaxslar haqida ma’lumot to‘plagan.

Shuningdek, Ibn Arabshohga ko‘ra, Temur askarlari orasida butparast turklar, olovga sajda qiluvchi majusiy ajamlar, kohinlar va sehrgar kabilar ham bo‘lgan. Tarixchining yozishicha, ular Temurga xizmat qilishdan shunchalik faxrlanganki, agar u payg‘ambarlik yoki ilohiylikka da’vo qilsa, buni tasdiqlash darajasida bo‘lgan.

Hamdam Sodiqov o‘zining kitobida keltirilishicha, Amir Otlamish, Ma’sudbek va Azizuddin kabilar Temur razvedkasida muhim o‘rin tutuvchi shaxslar bo‘lgan va unga butun dunyodan kelgan ma’lumotlarni umumlashtirib, yetkazib turgan.

Relefga ko‘ra alohida harbiy qisim

Professor Hamidulla Dadaboyevning yozishicha, Sohibqiron intizomli armiya tuzishga, jang paytida qo‘shin qismlarini oqilona boshqarishga va jangovar ruhni baland ushlab turishga erisha olgan. Temur Sharqda birinchilardan bo‘lib armiyaga o‘t sochar qurol (to‘p)ni olib kirgan. Tog‘li hududlarda jang harakatlari olib borish uchun maxsus harbiy qism va bo‘linmalar tashkil qilgan. Dadaboyevga ko‘ra, qismlarning janggohda yoki jangovar safda talab darajasida harakat qilishi uchun zarur tadbir va choralar ishlab chiqilgan, ularni jang paytida tezkorlik bilan boshqarishga alohida diqqat qaratilgan. O‘nlik, yuzlik, minglik va tuman qo‘mondonlarini tanlash masalasiga oliy bosh qo‘mondon mas’ul hisoblangan. Sohibqironning harbiy san’at rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlaridan yana biri – jang vaqtida qo‘shin qanotlarini dushman hujumidan muhofaza qilish va, o‘z navbatida, g‘anim kuchlarini yon tomondan aylanib o‘tib, unga ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qism – qunbulning joriy etilishi bo‘lgan. Bunday yangi harbiy qism Aleksandr, Gannibal, Chingizxon, Lyudovik XIV, Buyuk Fridrix kabi atoqli sarkardalar qo‘shinida bo‘lmagan.

Qo‘shin to‘plash haqida maxsus buyruq (tunqol) e’lon qilingach, hukmdor tomonidan tuzilgan ro‘yxatga binoan jangchilar ot-ulovi, qurol-yarog‘i, oziq-ovqati, yem-xashagi bilan to‘planish yeriga yetib kelgan. Har bir askarga bitta yoy, 30 ta o‘q, bir sadoq, bitta qalqon, bitta qo‘shimcha ot, yarim man og‘irligida arqon, teri xalta va bitta qozon ajratilgan. Har 10 jangchi bir chodir, 2 belkurak, bir kerki, bitta o‘roq, bir arra, bir tesha, bitta bolta va 100 dona nina olib yurishi shart hisoblangan. Sara jangchilarning har 5 tasi bitta chodirga joylashgan. O‘nbegining alohida chodiri va 5 ta qo‘shimcha oti bo‘lgan. Yuzbegiga ham alohida chodir va 10 ta qo‘shimcha ot berilgan. Mingbegi chodirdan tashqari soyabon bilan ham ta’minlangan. Sohibqiron armiyasining turli bo‘linma va qismlariga 313 bek boshchilik qilgan. Ulardan dastlabki 100 tasi o‘nbegilik, ikkinchi 100 tasi yuzbegilik, uchinchi 100 tasi mingbegilik lavozimlarini egallagan.

Diviziya – tumanlarga Amir Temurning farzandlari, nabiralari va nomdor lashkarboshilar rahbarlik qilgan. Yetarli miqdorda qo‘shin to‘plangach, u ko‘rikdan o‘tkazilgan. Temuriylar davrida yurish yoki jangdan oldin lashkarni ko‘rikdan o‘tkazib, uning jangovar ruhi va holatini aniqlash izchillikka aylangan.

Novator Temurning harbiy taktikasi

Tarixchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Amir Temurning 12 ming kishilik qo‘shini jangga mana bunday tartibda kirgan. Dushman bilan dastlabki to‘qnashuvni ayg‘oqchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan qaravul boshlab bergan. Shundan keyin o‘ng va chap qanot ilg‘or qismlari – barang‘or hirovuli va juvang‘ar hirovuli madadida asosiy ilg‘or qism – mang‘lay jangga kirgan. Mang‘lay ortidan barang‘or hamda juvang‘arning qolgan 2 bo‘lagi – chapavul va shag‘avul ketma-ket harakatga kelgan. Ushbu kuchlar dushmanni mag‘lub etishga kifoya qilmasa, bosh qo‘mondon boshchiligidagi markaz (qo‘l) hal qiluvchi hujumga tashlangan.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Sohibqiron armiyasi qatnashgan ulkan janglarning taktik borish manzarasi quyidagicha bo‘lgan: qo‘shin markazi 40 bo‘luk – polkka taqsimlangan va Oliy bosh qo‘mondonga itoat qilgan. Ushbu bo‘luklarning sara jangchilardan tashkil topgan 12 bo‘luki safning birinchi qatorida, qolgan 28 bo‘luki ikkinchi va uchinchi qatorlarda joylashgan. Qirq bo‘lukning o‘ng tarafi oldida amirzodalar qismlari, so‘l tarafi oldida qarindoshlar va ittifoqchilar qismlari saf tortgan. Ikkinchi qatorning barang‘orida 6 bo‘luk o‘z ilg‘ori – hirovul bilan o‘rin egallagan. Ayni shu miqdordagi bo‘luk va hirovulga juvang‘ar ham ega bo‘lgan. Ikkinchi qator barang‘ori va juvang‘ari oldida yuqoridagi tartibda birinchi qator qismlari joylashgan. Uning oldida bosh mang‘lay (qo‘shinning ilg‘or qismi) harakatda bo‘lgan. Yengil suvoriylardan iborat 2 bo‘luk armiyani qo‘qqisdan bo‘ladigan hamladan muhofaza qilish, dushman kuchlari harakatini kuzatish bilan band bo‘lgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Amir Temur shaxsi va siyosati asrdan oshiqki, dunyo uchun qiziq va hayratlanarliligicha qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Amir Temur razvedka Ibn Arabshoh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing