Ham KGB, ham Britaniya razvedkasiga ishlagan josus Oleg Gordiyevskiy vafot etdi
Olam
−
22 mart
7364Ham SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB), ham Britaniya razvedkasiga ishlagan mashhur qochqin Oleg Gordiyevskiy Buyuk Britaniyadagi uyida 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
U XX asrning eng mashhur josuslaridan biri sifatida tanilgan. Gordiyevskiy 1970-80-yillarda 15 yil davomida KGBning Birinchi bosh boshqarmasida Buyuk Britaniya va Skandinaviya bo‘yicha mas’ul bo‘lgan.
Buyuk Britaniyaga rezident sifatida borganidan so‘ng, u tez orada Britaniya kontrrazvedkasi MI-6 bilan OVATION taxallusi ostida hamkorlikni boshlagan, keyinchalik esa MI-5 razvedka xizmati bilan ham ishlagan.
Bu hamkorlik 11 yil davom etgan, biroq Moskva rahbariyati undan shubhalana boshlaganidan so‘ng, u 1985 yilda Rossiyaga chaqirib olingan va Moskvada so‘roq qilingan.
Ammo o‘sha yilning yozida britaniyaliklar yashirin operatsiya o‘tkazib, elchixona mashinasining yukxonasida Gordiyevskiyni yana Britaniyaga olib chiqqan. U yerda esa Gordiyevskiy G‘arb maxsus xizmatlariga maslahat berishda davom etgan.
SSSRda polkovnik Gordiyevskiy sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilingan, hozirgi Rossiyada esa britaniyaliklarga katta hajmdagi maxfiy ma’lumotlarni bergani uchun xoin deb e’lon qilingan. Sobiq hamkasblari uni “jirkanch shaxs” va “iste’dodli pastkash” deb atagan.
G‘arbda esa unga butunlay boshqacha baho berilgan. U sovuq urush yo‘nalishini o‘zgartirishga yordam bergan shaxs sifatida ko‘riladi. Uning ma’lumotlari G‘arb tuzilmalariga SSSR rahbariyatining asl fikrlarini tushunishga va sovet rejimi bilan qanday muloqot qilish yaxshiligini anglashga yordam bergan.
2007 yilda Buyuk Britaniya milliy xavfsizligini ta’minlashdagi xizmatlari uchun Oleg Gordiyevskiy Buyuk Britaniyaning eng yuqori mukofotlaridan biri – avliyo Mixail va avliyo Georgiy ordeni bilan taqdirlangan.
Gordiyevskiyning so‘zlariga ko‘ra, uni qochqin bo‘lishga undagan asosiy sabab – 1968 yildagi Chexoslovakiya voqealari bo‘lgan.
“Bu, albatta, Sovet Ittifoqi va boshqa kommunistik mamlakatlarning Chexoslovakiyaga bostirib kirishi edi. Bu shunchalik g‘azablantiruvchi holat ediki, men o‘zim uchun qaror qildim – bu rejim jinoyatchi. Men u bilan ishlashni bas qilaman”, deb eslagan u 2008 yilda.
BBC xavfsizlik bo‘yicha muxbiri Frenk Gardnerning ta’kidlashicha, Oleg Gordiyevskiy Uchinchi jahon urushining oldini olgan bo‘lishi mumkin – bu mubolag‘a emas.
1983 yilda, sovuq urushning cho‘qqisida, Gordiyevskiy Londonda bo‘lib turgan paytda Britaniya maxsus xizmatlarini shundan ogohlantirgan: Moskva rahbariyati G‘arb tomonidan kutilmaganda hujum bo‘lishidan shunchalik qo‘rqmoqdaki, ulardan oldin zarba berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu ma’lumotni inobatga olgan NATO kuchlari G‘arbiy Yevropada o‘tkazilishi kerak bo‘lgan keng ko‘lamli Able Archer (“Tajribali kamonchi”) harbiy mashg‘ulotlarini to‘xtatgan va katta inqirozning oldi olingan.
1985 yildan buyon Gordiyevskiy Sarrey grafligida yashagan, uning aniq manzili maxfiy saqlangan, o‘zi esa ko‘pincha grimdan foydalanib yurgan – xususan, BBC rus xizmatiga intervyu berishga borganida.
Biroq u KGBning sobiq xodimi Aleksandr Litvinenkoning o‘ldirilishidan keyin yana joniga xavf solinishidan xavotir ola boshlagan.
“Men his qilamanki, ular qachondir menga zarar yetkazish yo‘lini topishadi. Hozir hayot unchalik xavfsiz emas. Agar ular meni o‘ldirmoqchi bo‘lishsa, bu aynan shu yerda, Britaniyada sodir bo‘ladi”, degan u.
Oleg Gordiyevskiy o‘ldirilmagan. Uning o‘lim sabablari bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruvga terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimlari jalb etilgan bo‘lsa ham, uning zo‘ravonlik qurboni bo‘lganiga asos yo‘q.
Ammo Gordiyevskiy juda yaxshi tushunardi – bugungi Rossiya o‘z sirlarini fosh qilganlarni kechirmaydi.
LiveBarchasi
24 mart
Do‘rmonga o‘t ketdi.
24 mart