Putin hali ham butun Ukrainani egallashga intilmoqda – AQSH razvedkasi
Olam
−
19 fevral
5864Rossiya Prezidenti Vladimir Putin garchi AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar boshlangan bo‘lsa ham butun Ukrainani bosib olish niyatidan voz kechgani yo‘q. Bu haqda AQSH razvedkasining 4 vakili va Kongressning ikki a’zosiga tayanib, NBC News xabar berdi.
“Bizda Putin hozirda haqiqiy tinchlik kelishuviga qiziqayotgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q”, deya ta’kidlagan Kongress a’zolaridan biri.
Kecha, 18 fevral kuni Vladimir Putin o‘z delegatsiyasini Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga yubordi va u yerda ular AQSH vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarning asosiy maqsadi Ukrainadagi urushni to‘xtatish imkoniyatlarini muhokama qilish edi. Biroq razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Putin hali ham Ukraina va Yevropani sabr-toqat bilan kutish va kelajakda butun mamlakatni bosib olish imkoniyatiga umid qilmoqda.
“U o‘zini g‘alabaga yaqin deb hisoblaydi”, dedi G‘arb razvedkasining xodimlaridan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining jiddiy yo‘qotishlari ham Putinni o‘z maqsadlarini qayta ko‘rib chiqishga yoki urushni to‘xtatishga majburlamayapti. Shuningdek, Putin muzokaralardan o‘z armiyasini tiklash va o‘z pozitsiyasini mustahkamlash uchun vaqt yutish vositasi sifatida foydalanishi mumkin.
“Hatto u o‘t ochishni to‘xtatish yoki vaqtinchalik sulhga rozi bo‘lsa ham, bu faqat kuchlarni qayta guruhlash va strategik tayyorgarlik uchun fursat bo‘lishi mumkin”, deya taxmin qilmoqda G‘arb amaldorlari.
Shuningdek, G‘arb rasmiylari Putin real murosaga yoki uzoq muddatli tinchlik kelishuviga tayyor ekaniga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, Rossiya bilan olib borilayotgan har qanday muzokaralar G‘arbning ehtimoliy yon berish chizig‘ini aniqlash va Putinni xalqaro maydonga qaytarish maqsadida bo‘lishi mumkin.
Razvedka vakillarining ta’kidlashicha, Rossiya Prezidenti o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqishni yoki mamlakat g‘arbiy hududlarida joylashtirilgan harbiy texnika va kontingentni kamaytirishni rejalashtirmayapti. Bundan tashqari, Tramp ma’muriyatining ayrim vakillari Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi ehtimoldan yiroq ekanini bildirgani ham Putinga ishonch bag‘ishlagan.
Amerikalik amaldorlarning fikricha, ittifoqchilar tomonidan yetkazilgan razvedka ma’lumotlari va AQSHning o‘z tahlillari Putinning Ukraina borasidagi keng qamrovli ambitsiyalari o‘zgarishsiz qolayotganini tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 fevral kuni Ar-Riyodda Rossiya va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida urush boshlanganidan buyon ilk bevosita muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida tomonlar urushni to‘xtatish va ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi. Shu bilan birga, Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva va Vashington pozitsiyalari yaqinlashayotganini hozircha aytish qiyinligini ta’kidlagan.