Qarorlar poygasi: tariflar yana o‘zgardi

Tahlil

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 iyundagi “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 337-sonli qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun narxlar 2026 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qilishi belgilangan edi. Ammo… Qaror kuchga kirishidan bir kun oldin – 31 mart kuni Vazirlar Mahkamasi yana bir qaror qabul qildi va endi elektr va gaz narxi har yili oshadigan bo‘ldi!

So‘zboshi uzun va murakkab tuyulishi mumkin, ammo aslini olganda, mavjud gaz va elektr tarif siyosatining o‘zi murakkab va tushunarsiz. Chunki sohada shu qadar ko‘p qarorlar qabul qilinib, keyin o‘zgartirishlar kiritiladiki, o‘rganib, ko‘nikib ulgurmaysan kishi.

Inflyatsiyaga qarab oshadigan narx

Yangi qabul qilingan qarorga ko‘ra, 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan elektr energiyasi iste’moli uchun alohida tariflar joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi qaroriga ko‘ra, 2025 yilning 1 aprelidan elektr va gaz uchun narxlar oshishi kutilayotgan edi.

Unga ko‘ra, maishiy iste’molchilar uchun oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha sarflangan elektr energiyasi uchun narx 1000 so‘mdan hisoblanishi kerak edi. Hukumatning 31 martdagi so‘nggi qaroriga ko‘ra esa, bu narx 800 so‘m etib belgilandi.

Qisqacha aytganda, hozirda maishiy iste’molchilar 200 kVtgacha 450 so‘m, 201 kVtdan 500 kVtgacha 900 so‘m to‘lamoqda. 1 maydan boshlab esa 200 kVtgacha 600 so‘m, 201 kVtdan 500 kVtgacha esa 800 so‘m (1000 so‘m o‘rniga) to‘lanadi. Shunda har ikki holda ham iste’molchilar umumiy hisobda 360 ming so‘m to‘laydi.

Agar to‘lanadigan summa o‘zgarmaydigan bo‘lsa, buning uchun yangi qarorga ne hojat deydiganlar uchun qarordagi asosiy jihatga to‘xtalsak. Yangi qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab har yili 1 mayda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib boriladi.

Ya’ni har yili mamlakatda inflyatsiyadan kelib chiqib narx o‘sib boradi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 9,8 foizni tashkil etgandi. Bu agar joriy yilda inflyatsiya 10 foizni tashkil etsa, kelasi yilda “svet” va gaz narxining ham 10 foizga oshishini anglatadi.

Beqaror tarif siyosati

Avvalo, 2024 yilning 15 iyunida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinganini ta’kidlash zarur. Unda 2035 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari ishlab chiqilgan.

2024 yilning 16 aprelidagi hukumat qarorida 2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigi ishlab chiqilgandi. Ammo mart oyi so‘nggida Prezident topshirig‘iga asosan, Vazirlar Mahkamasining 28 martdagi qaroriga ko‘ra, narxlar o‘tgan yili belgilanganidan farqli ravishda 1 apreldan emas, 1 maydan oshadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 31 martda yana bir qaror qabul qildi va unga ko‘ra, 2026 yildan boshlab elektr va gaz tariflari har yili 1 maydan inflyatsiyani hisobga olib, ammo 10 foizdan oshmagan holda ko‘tariladigan bo‘ldi.  Vaholanki, 2026 yildan boshlab, gaz va “svet” uchun narxlarini kamida uch yilga o‘zgarishsiz qoldirish reja qilingandi.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan 2024 yilning 1 mayidan boshlab, elektr va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshirilib, energoresurslar iste’moliga limit joriy etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz energetika limit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing