MIDWEEK: qurollanayotgan Yevropa, “Savdo urushi”ichidagi iqtisodiy gigantlar, YeI xushlamagan Kobixidzening Toshkentga tashrifi
Tahlil
−
05 mart
5619Ko‘pchilik tomonidan xavotir bildirilgan va Tramp hokimiyat tepasiga kelishi bilan darhol boshlanishi taxmin qilingan “savdo urushi” rasman start oldi. Hozircha ushbu frontda AQSH, Meksika, Kanada va Xitoy bor. Keyingi nishon Yevropa Ittifoqi bo‘lishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi o‘zini va Ukrainani amalda himoya qilishni boshladi. Ittifoq rasmiylari qayta qurollanishni jadallashtirish hamda qit’a mudofaasini mustahkamlash uchun katta hajmdagi mablag‘ ajratishga qaror qildi. Agar raqamlarga ishonilsa, kelgusida Yevropa Ittifoqining harbiy byudjeti dunyo miqyosida AQSHdan keyingi eng ulkani bo‘ladi.
O‘zbekistonda esa bu haftaning birinchi yuqori lavozimlardagi katta o‘zgarishlar va Yevropa Ittifoqi bilan bir yildan buyon “kurash” olib borayotgan Gruziya Bosh vazirining tashrifi bilan esda qoldi.
O‘tib borayotgan haftaning o‘rtasiga qadar dunyo va O‘zbekistonda sodir bo‘lgan muhim siyosiy voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturi.
Tramp “savdo urushi”ni boshladi
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 1 fevralda narkotrafik muammosini pesh qilib, Xitoy uchun 10 foizlik bojxona tariflari joriy etish bo‘yicha farmon imzolagandi. Esingizda bo‘lsa, fevral oyi boshida AQSH Prezidenti Meksika va Kanada keladigan tovarlarga ham yangi tariflar joriy etishni ma’lum qilgandi. U o‘zining bu qaroriga Qo‘shma Shtatlarga mazkur davlatlardan fentanil narkotik moddasi kirib kelayotgani va noqonuniy migratsiyani oldini olmayotganini sabab sifatida keltirgandi. Biroq o‘shanda Meksika va Kanada yetakchilari amerikaliklar bilan muzokaralardan so‘ng AQSH Prezidentining mazkur farmonini 1 oy muddatga kechiktirishga erishgandi. Buning evaziga Kanada AQSH bilan chegarani mustahkamlash uchun 1,3 milliard dollarlik rejani amalga oshirishga va narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha yangi majburiyatlarni olishga va’da berdi. Meksika rasmiylari esa noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish uchun AQSH bilan chegarada 10 ming meksikalik askarni joylashtirishga rozi bo‘lgandi.
Ammo oradan bir oy o‘tib, 4 mart kuni yarim tundan boshlab, AQSHning Meksika va Kanada uchun joriy qilgan yangi tariflari kuchga kirdi, Xitoyniki esa ikki baravarga oshirildi. Bu tariflar Meksika va Kanada tovarlariga 25% ni, Xitoy tovarlari uchun esa 20 foizni tashkil qiladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoydan import qilinadigan tovarlarga bojxona tariflarini 10 foizdan 20 foizga oshirish haqidagi farmonida Pekinning Qo‘shma Shtatlardagi narkotrafik muammosiga qarshi kurashda yetarli chora-tadbirlar ko‘rmagani ko‘rsatilgan.
“XXR noqonuniy giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq inqirozni yumshatish uchun yetarli choralar ko‘rmaganini inobatga olib, ijroiya farmonining 14195-sonli hujjatining 2(a) bo‘limiga o‘zgartirish kiritiladi. Unda “10 foiz” so‘zi olib tashlanib, o‘rniga “20 foiz” so‘zi qo‘shiladi”, deyiladi Oq uy tomonidan e’lon qilingan farmonda.
Vashington Xitoyni sintetik opioidlar, jumladan, fentanilning AQSHga oqimini to‘xtatish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmaganlikda ayblamoqda. AQSH rasmiylari bunday vaziyatni mamlakat milliy xavfsizligi, tashqi siyosati va iqtisodiyotiga “g‘ayrioddiy va favqulodda tahdid” deb baholamoqda. E’tiborlisi, Donald Tramp ko‘pincha tariflar joriy etish tahdidini savdo hamkorlariga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llab kelgan. U bunday bojxona tushumlari ichki loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlab keladi.
Ammo Trampning bu harakatiga Xitoy va Kanada zudlik bilan javob qaytardi. Rasmiy Pekin AQSH Prezidentining boj tariflari siyosatiga javoban 10 mart sanasidan boshlab Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha 10-15 foiz boj joriy qilinishini ma’lum qildi. Xitoy Savdo vazirligi qo‘shimcha 15 foiz boj tovuq go‘shti, bug‘doy, makkajo‘xori va paxta mahsulotlariga tatbiq etilishi haqida xabar berdi. Soya dukkagi, cho‘chqa va mol go‘shti, baliq mahsulotlari, meva, sabzavot hamda sut mahsulotlariga esa 10 foizlik boj joriy qilinadi. Shuningdek, Xitoy “mamlakat xavfsizligi va manfaatlarini himoya qilish maqsadida” AQSHning 15 ta kompaniyasini eksport nazorati ro‘yxatiga kiritdi. Savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ro‘yxatga kiritilgan sub’ektlar Xitoyning milliy xavfsizligi va manfaatlariga tahdid solmoqda. Shuning uchun ushbu kompaniyalarga ikki tomonlama foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlarning Xitoy yetkazib beruvchilari tomonidan sotilishi taqiqlanadi. Bundan tashqari, yana 10 ta Amerika kompaniyasi “ishonchsiz tashkilotlar” ro‘yxatiga qo‘shildi. Xitoy hukumati ushbu cheklovlarni “milliy suverenitet, xavfsizlik va rivojlanish manfaatlarini himoya qilish” maqsadida kengaytirganini bildirgan. Ushbu kompaniyalarga Xitoyda biznes yuritish, yangi investitsiyalar kiritish taqiqlanadi.
Xitoy bilan bir qatorda Kanadaning ham javob “zarbasi” o‘zini uzoq kuttirmadi. Kanada AQSHning yangi tariflariga import soliqlari bilan javob berdi. Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Trampning yangi tarif siyosati Kanadaga erta tongdan boshlab ta’sir qilgani va bu o‘z o‘rnida Kanadaning javobiga sabab bo‘lganini aytdi. Uning bayonotida aytilishicha, AQSHning yangi tariflari uchun “hech qanday asos yo‘q”, chunki AQSH chegarasida ushlangan fentanilning Kanadadan o‘tgan ulushi hatto 1 foizdan ham kam. Tryudo o‘z bayonotida, uning mamlakati Trampning yangi tariflari to‘xtatilgan bir oylik davrda fentanil oqimini yanada cheklash bo‘yicha choralar ko‘rganini ta’kidladi. Shuningdek, Tryudo Kanadaning javob choralari haqida ham aniq ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 155 milliard Kanada dollari miqdoridagi Amerika tovarlariga 25 foizlik boj qo‘yiladi:
- 30 milliard Kanada dollari miqdoridagi tovarlarga tarif darhol kuchga kiradi
- qolgan 125 milliard Kanada dollarilik Amerika mahsulotlariga bojlar 21 kundan keyin amal qilishni boshlaydi.
Kanada provinsiyalari rahbarlari ham Trampning tinch joyda chiqargan “savdo urushiga nisbatan o‘zlarining javoblarini aytishdi. Masalan, Ontario bosh vaziri Dag Ford AQSHga elektr energiyasini va AQSHga yuqori sifatli nikel yetkazib berishni to‘xtatishni taklif qildi. Ford Kanadaning boshqa provinsiyalarini ham uning taklifiga ergashishga chaqirdi. Ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etib o‘tish joizki, Kanada AQSHdagi olti million uyni ta’minlash uchun yetarli bo‘lgan elektr energiyasi eksport qiladi.
“Agar ular Ontarioni yo‘q qilmoqchi bo‘lishsa, men hamma narsani qilaman, shu jumladan yuzimda tabassum bilan ularning energiyasini kesib tashlayman”, dedi Dag Ford.
Shu o‘rinda Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham Jastin Tryudoning so‘zlarini takrorlab, Trampning bu harakati uchun “hech qanday motiv, sabab va asos yo‘q” ekanini aytdi. 4 mart kuni so‘zga chiqib, u “tarif va tarifsiz choralar” qo‘llashga va’da berdi. Ammo Meksika Prezidenti bu boradagi qo‘shimcha ma’lumotlar 9 mart kuni berilishini aytdi.
Trampning o‘zining bu siyosati bilan AQSHdagi ish o‘rinlari va ishlab chiqarishni himoya qilayotgani, noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar savdosining oldini olishga harakat qilayotganini tinmay takrorlamoqda. Ammo soha ekspertlari u boshlagan urush tomonlarning hech biriga foyda keltirmasligi va AQSHdagi iste’molchilar uchun narxlarni keskin oshirishini ta’kidlayapti.
Kattakon tayinlovlar va o‘zgarishlar
Joriy hafta O‘zbekistonning yuqori darajali postlarida ko‘plab o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov lavozimidan ozod etildi, sobiq biznes ombudsman Dilmurod Qosimov Bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinladi.
Xullas, bir boshdan. 2017 yildan beri Ichki ishlar vaziri sifatida ishlab kelayotgan, bungacha Xorazm viloyati hokimi, Buxoro viloyati prokurori, Jizzax viloyati prokurori, Bosh prokuraturaning Soliq va valyuta jinoyatlariga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Po‘lat Bobojonovning ketishi haftaning eng muhim voqeliklaridan biri bo‘ldi. Uning o‘rniga bugungacha Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Aziz Toshpo‘latov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Ichki ishlar vaziri lavozimiga ma’qullandi. Bobojonov esa ishsiz qolgani yo‘q. U Prezidentning kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Bundan tashqari, haftaning birinchi qismida Bosh prokuraturaga yangi o‘rinbosar keldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan adliya katta maslahatchisi Dilmurod Sultonmurodovich Qosimov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar Dilmurod Qosimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ya’ni Biznes ombudsman edi. Bungacha u prokuratura organlarida turli mas’ul lavozimlarda ham faoliyat yuritgan. Bildirilishicha, mazkur lavozimga tayinlangan Dilmurod Qosimov tadbirkorlar va investorlarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasi uchun mas’ul bo‘ladi.
Tadbirkorlar va ularning faoliyatiga ta’sir qiluvchi lavozimlardan uzoqlashmaymiz. 3 mart kuni O‘zbekistonning ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlaridan biri Zafar Hoshimov “Savdo va servis” uyushmasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu uyushma O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda faoliyat olib boruvchi tuzilma hisoblanadi. Palata axborotiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 fevral kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Yig‘ilishda esa tadbirkorlar tomonidan “Savdo va servis” uyushmasini tashkil etish taklifi bildirilib, bu taklif Prezident tomonidan ma’qullangan. Uyushma O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda faoliyat yuritib, sohadagi strategik rejalarni ishlab chiqish, qonunchilikni takomillashtirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi belgilangan.
Yevropani “xafa qilgan” Kobaxidze Toshkentda
2024 yilda ichki va tashqi siyosatdagi mojarolardan boshi chiqmagan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze 4-5 mart kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Tashrif dasturidan ikki tomonlama uchrashuvlar, hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishini o‘tkazish, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish va boshqalar o‘rin olgani aytildi. Toshkent xalqaro aeroportida mehmonni Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Kobaxidze Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Shundan so‘ng Kobaxidzening keyingi manzili Senat bo‘ldi. Oliy Majlis Senatida Tanzila Norboyeva va Gruziya Bosh vaziri rahbarligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Irakliy Kobaxidze Gruziya O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Shuningdek, muloqotda turizm, iqtisodiyot, elektronika, agrar va transport kommunikatsiyasi singari ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik masalalariga e’tibor qaratilgan. Gruziya parlamenti rahbarlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida qatnashishga katta qiziqish bildirayotgani qayd etilgan, kelgusida ham xalqaro maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini mustahkamlashga kelishib olingan.
Albatta, Gruziya Bosh vazirining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi olamshumul yangilik emas. Ammo uning hukumat tepasida so‘nggi bir yil mobaynidagi faoliyati xalqaro maydonda e’tibor markazida bo‘ldi. Umuman olganda Gruziyaning o‘zidagi ichki siyosiy jarayonlar butun 2024 yil davomida Jahon OAVning e’tibor markazidan tushmadi. Barchasi aynan shu Kobaxidze va uni Bosh vazir sifatida nomzod qilib ko‘rsatgan “Gruziya orzusi” partiyasi bilan bog‘liq. Ko‘pchilikka ma’lum Gruziyada Saakashvili qulashi arafasida va undan keyin parlamentar tizim qaror topgan. Va bu tizimda Kremlga moyil deya gumon qilinadigan milliarder Bidzina Ivanishvilining “Gruziya orzusi” partiyasi uzoq yillardan buyon yetakchilikni hech kimga bermay keladi. Bugun Ivanishli rahbarlik postida emas, ammo partiya va hukumatni boshqarish uchun bu muhim ahamiyat kasb etmaydi. Pardaning ort tomonidan turib ham buni amalga oshirish mumkin. O‘sha pardaning old tomonida ishlaydigan Kobaxidze esa Gruziya siyosatida yangi shaxs emas. Biroq u Bosh vazir sifatida hukumatni boshqarayotganiga endi bir yil to‘ldi. Mana shu bir yil esa Gruziyaning Yevropaga integratsiyasi taqdirini hal qildi. Uzoq yillik protseduradan so‘ng bu Gruziya uchun endi faqat orzuligicha qolish ehtimoli yuqori.
“Xorijiy agentlar”ga atalgan “Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risidagi qonun” loyihasining o‘rtaga chiqishidan boshlangan mojaro 2024 yil oxiriga kelib, parlament va prezidentlik saylovlari bilan o‘zining eng ziddiyatli cho‘qqisiga chiqdi. Bu esa Yevropa bilan munosabatlarni sovitdi, Ittifoqqa qo‘shilish jarayoni esa muzlatildi. Chunki Bryussel Tbilisini rossiyaparast kayfiyatda faoliyat olib borishdan tiyilishga bir necha bor chaqirilganiga qaramay, “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan bu ogohlantirishlar e’tiborsiz qoldirildi. Dekabr oyida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari esa hammasidan-da ajablanarli bo‘ldi. 14 dekabrda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida atigi bir nafar nomzod qatnashib, unda g‘olib bo‘ldi. U ham bo‘lsa, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan ilgari surilgan nomzod, sobiq futbolchi, o‘z siyosiy karerasini 2016 yilda boshlagan Mixail Kavelashvili edi. O‘sha payt amalda prezident bo‘lgan muxolifat vakili Salome Zurbashvili ushbu saylov qonuniy emasligi, mamlakatda yangi parlament saylovlari belgilanmaguncha iste’foga chiqmasligini aytdi. U shuningdek, prezident qarorgohini tark etmasligini ma’lum qildi. Biroq 29 dekabr kuni Zurabishvili ushbu qarorgohni tark etdi. Biroq u o‘zi bilan legitimlikni ham olib ketayotgani va mamlakat prezidenti sifatida qolishini ma’lum qildi.
Gruziya parlamentar tizimda bo‘lgani bois prezident vakolati mamlakatda juda cheklangan va Zurabishvili bunday holatda hukmron partiyaga qarshi tura olmasligi tayin edi. U Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish tarafdori edi. Gruziyadagi bugungi “Gruziya orzusi” partiyasi ham buni xohlaydi. Masalan, O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lgan o‘sha Kobaxidze ham buni inkor qilmaydi. U Ittifoq bilan chuqur ziddiyatlar davrida ham yaqin yillarda unga integratsiya bo‘lishdan umid uzmay keladi. Biroq mamlakatda so‘nggi paytlarda yuz bergan ichki muammolar hozircha bu umidni puchga chiqarmoqda.
Yevropa o‘zi va Ukrainani himoya qilishni boshladi
2 mart kuni Yevropa yetakchilari Oq uydagi janjalning oqibatlarini yumshatish uchun Londonda yig‘ildi. Yig‘ilganlar tomonidan turli masalalar muhokama qilindi. O‘sha kuni kimdir Zelenskiyga Tramp bilan kelishish yo‘lini topishni maslahat bergan bo‘lsa, yana kimdir Yevropa o‘zini o‘zi mudofaa qilishi endi hayotiy zarurat ekaniga ishora qildi. Shu kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sammitdan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda Ukraina bosqin ostidagi yerlarini hech qachon Rossiyaniki deb tan olmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Zelenskiy dunyo liderlariga sulhning eng asosiy shartini yana bir bor eslatdi. U Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlangan taqdirdagina sulhni qabul qilishini ta’kidladi. Zelenskiy mazkur shartni qayta-qayta takrorlashdan charchamayapti. Chunki uning qo‘lishimcha qilishicha, bunday kafolat Ukraina kelgusida yana Rossiya bosqiniga uchramasligini mustahkam kafolatlaydi. Chunki bunday himoya Moskva qattiq javob choralari ko‘rilishini anglagan holda, kelajakda Ukraina yerlariga bostirib kirishdan tiyiladi.
Ammo AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens xavfsizlik kafolatlari borasida ekspertlar fikrini tasdiqladi. Unga aytishicha, Vashingtonning Ukraina kelajagidan iqtisodiy manfaatdorligi Ukraina uchun xavfsizlikning eng yaxshi kafolati bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday xavfsizlik kafolati “30 yoki 40 yildan beri jang qilmagan qandaydir tasodifiy mamlakatdan kelgan 20 000 askardan” ancha yaxshi.
Ammo Zelenskiy iqtisodiy manfaatlar Rossiya agressiyasini qaytarish uchun yetarlicha motiv bo‘lishiga ishonmayapti.
Shu bois Fransiya va Britaniya Rossiya va Ukraina o‘rtasida bir oylik qisman sulh va keyinchalik tinchlikparvar kuchlarni mamlakat hududiga joylashtirishni taklif qilmoqda. Biroq Makronning ta’kidlashicha, “o‘t ochish to‘xtatilgan taqdirda “bu frontda kuzatilayotganligini tekshirish juda qiyin”. Negaki, Fransiya Prezidentiga ko‘ra, front chizig‘ining uzunligi Parijdan Budapeshtgacha bo‘lgan masofaga teng. Ammo shunday bo‘lsa-da, tinchlikka erishish uchun eng avvalo otashkesim zarur. Shunday ekan, Fransiya va Britaniya mazkur rejani ilgari suryapti va unga ko‘ra, agarda voqealar rivoji ko‘ngildagidek ketsa, sulh vaqtincha emas, balki doimiyga aylansa, Yevropa quruqlik qo‘shinlari Ukrainaga tinchlik rejasining ikkinchi bosqichida kiritilishi aytilmoqda.
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer esa Londondagi sammitdan so‘ng Yevropa yetakchilari to‘rtta asosiy masala yuzasidan kelishib olganini aytdi. Bular; Ukrainaga harbiy yordam berishni davom ettirish, Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish, Ukraina suvereniteti va xavfsizligini ta’minlash, Kiyevning har qanday tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi kerakligi kabi masalalardir. Agar tinchlik kelishuviga erishilsa, Yevropalik yetakchilar kelajakda Moskva tomonidan bostirib kirishining oldini olish uchun Ukraina mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga va’da berishdi. Bundan tashqari, Ukraina va tinchlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvga erishishga tayyor davlatlar koalitsiyasini tuzishga qaror qilindi.
Oradan ikki kun o‘tib, 4 mart sanasida Bryusselda Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen tomonidan eng muhim qadamlardan biri tashlandi. U yangi Rearm Europe mudofaa rejasini taqdim qilib, bu rejani Yevropa Ittifoqi o‘z mudofaasi va xavfsizligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga va Ukrainaga yordamni oshirishga tayyorligining isboti dedi.
“Biz qayta qurollanish davrida yashayapmiz. Va Yevropa o‘zining mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishga tayyor – shoshilinch harakat qilish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash zarurligiga javob berish, shuningdek, o‘zimizning Yevropa xavfsizligimiz uchun katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor”, dedi Yevrokomissiya rahbari.
Uning rejasi beshta ustunni o‘z ichiga oladi. Ulardan biri Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun raketaga qarshi mudofaa, artilleriya tizimlari, raketalar va o‘q-dorilar, dron va uchuvchisiz mudofaa tizimlari va kiberdan tortib harbiy harakatchanlikkacha bo‘lgan boshqa ehtiyojlar uchun talab etiladigan 150 milliard yevrolik kredit jamg‘armasidir. Fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, yangi jamg‘arma orqali YeI davlatlari qo‘shma xaridlarni amalga oshirishi va harbiy texnikani shoshilinch yetkazib berish orqali Ukrainaga ko‘makni sezilarli darajada oshirishi mumkin bo‘ladi. Yevropa Komissiyasi, turli moliyaviy vositalardan foydalangan holda, Rearm Europe dasturi Yevropaning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash uchun taxminan 800 milliard yevroni safarbar qilishga qodir, deb hisoblamoqda. Yevrokomissiya rahbari bunday rejani o‘z vaqtida e’lon qildi deyish mumkin. Chunki u mazkur rejani ochiqlaganidan bir necha soat oldin AQSH tomonidan Ukrainaga noma’lum muddatga barcha harbiy yordam yetkazib berish to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Unga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbariyati “tinchlik tarafdori” ekanini namoyish qilmaguncha, Rossiyaga qarshi mudofaa urushida Ukrainaga harbiy yordamni muzlatishga buyruq bergan. Ammo “Fox News” AQSH prezidenti ma’muriyatidagi manbasiga tayanib, bu yordamning butunlay to‘xtatilishi emas, balki shunchaki pauza ekani haqida yozdi. Unga ko‘ra, ushbu qarorni qabul qilishdan oldin Tramp Davlat kotibi Marko Rubio va Mudofaa vaziri Pit Hegset bilan maslahatlashish uchun uchrashgan. “Bloomberg” agentligiga ko‘ra, qaror Ukrainaga hali yetkazib berilmagan barcha Amerika harbiy texnikasiga, jumladan, Polsha orqali tranzit qilinadigan yoki tranzitni kutayotgan qurollarga ham ta’sir qiladi.
LiveBarchasi