Zelenskiy Trampdan yordamni tezlashtirishni so‘radi
Olam
−
16:30 1253 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Tramp va Kongressga murojaat qilib, Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlari va raketaga qarshi o‘q-dorilarni tezroq yetkazib berishni so‘radi. Bu haqda “The Guardian” xabar qildi.
Zelenskiyning bildirishicha, Rossiyaning ballistik raketalari mamlakat Prezidenti Vladimir Putinning “jangovar maydondagi so‘nggi katta ustunligi” bo‘lib qolmoqda va ularni zararsizlantirish Moskvani muzokaralarga majbur qiladi.
Ukraina yetakchisining ma’lum qilishicha, 24 may kuni bo‘lgan ommaviy hujum vaqtida Rossiya Ukrainaga 30 ta ballistik raketa uchirgan va ularning faqat 11 tasi urib tushirilgan. Shuningdek, Moskva ikki dona yadroviy zaryad tashishga qodir “Oreshnik” raketasini ham qo‘llagan.
Hozircha Ukraina Rossiyaning ballistik raketalarini asosan AQSHda ishlab chiqarilgan Patriot tizimi orqaligina yo‘q qila oladi. Biroq urush davomida Kiyev doim bu raketalar tanqisligiga duch kelgan. AQSH ularni Yevropa moliyalashtirayotgan PURL dasturi orqali yetkazib berishi kerak, ammo Eron bilan bog‘liq mojaro va Trampning Ukrainaga nisbatan sovuq munosabati ta’minotga ta’sir qilmoqda.
Zelenskiy maktubida raketadan mudofaa tizimlarini Putinni muzokara stoliga olib kelish vositasi sifatida ta’riflagan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya oddiy qurollarda ustunlikka ega ekan, Kreml diplomatiyadan qochishda davom etadi. Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi Xarkov va Zaporoje viloyatlaridagi ayrim qishloqlarni egallaganini da’vo qilgan. Ukraina harbiylari esa bu xabarlarni rad etib, Rossiya katta yo‘qotishlarga uchrayotganini bildirgan.
Ukraina Qurolli kuchlarining Uchinchi armiya korpusi qo‘mondoni general Andrey Biletskiyning fikricha, keyingi olti oy urush taqdiri uchun hal qiluvchi davr bo‘ladi. U Rossiya armiyasi charchaganini va yirik hujumlar uyushtirish imkoniyati kamayganini aytgan.
Finlyandiyadagi Black Bird tahlil markazi eksperti Jon Xelin ham Rossiya kuchlarida charchoq sezilayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada ham jonli kuch muammosi saqlanib turibdi, ammo hozirgi tendensiyalarga qaraganda, avval Rossiya armiyasi zaiflashishi ehtimoli yuqori.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning “Oreshnik” o‘rta masofali ballistik raketasini qo‘llashi Yevropa davlatlarining keskin tanqidiga sabab bo‘lgan edi.