Zaharlangan Navalniy sog‘ayishi qanday ketayotganini aytib berdi

Olam

image

Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy Instagram sahifasida asab tizimini falajlovchi modda bilan zaharlangandan keyin sog‘lig‘i qanday tiklanayotgani haqida aytib berdi.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, hozir u o‘zi suv quyolmayapti va telefonni qo‘liga ololmayapti. Ammo bir necha kun avval u gapira olmagan va hech kimni tanimagan.

“Har kuni shifokor mening oldimga kelib, Aleksey, men doska olib keldim, kel unga nima so‘z yozishni o‘ylaymiz, derdi. Bu meni umidsizlantirardi, chunki men shifokor nima xohlayotganini tushunardim, ammo so‘zlarni qayerdan olishni bilmasdim”, deydi Navalniy.

Muxolifatchi zinapoyadan tushib chiqayotganda oyoqlari qaltirashini aytgan. Biroq hozir u zinapoya oldida ekanini tushunyapti. Avval esa shunchaki turgan va termulgan.

Navalniyning qo‘shimcha qilishicha, u davolanayotgan Berlindagi Charite klinikasi shifokorlari uni “texnik jihatdan tirik odamdan” yana Instagram’ni sayr qiladigan va qayerga layk qo‘yishni darhol tushunadigan zamonaviy jamiyatning a’zosi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan insonga aylantirdi.

Aleksey Navalniyga nima bo‘ldi?

Muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 20 avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga ketayotganda tobi qochib, Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Unga nima bo‘lgani noma’lum bo‘lib turgan vaqtda, siyosatchining tarafdorlari Navalniy zaharlanganini iddao qildi.

Ular Navalniyni Germaniya olib ketish harakatiga tushganda Omskdagi shifokorlar bunga ruxsat bermadi. Oradan ikki kun o‘tib esa, Navalniyni istalgan shifoxonaga ko‘chirish mumkinligini aytishdi va siyosatchi Berlinga olib ketildi. Bu hol ham muxolifatchi tarafdorlarida shubha uyg‘otdi va ishga Kreml aralashgani gumon qilindi.

Germaniyada tekshiruvdan o‘tkazilgach, u zaharlangani ma’lum bo‘ldi. GFR Hukumati siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyadan hisob so‘radi. Uning talabini Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH ham qo‘lladi. Yevropa parlamenti esa Navalniy bilan yuz bergan holat bo‘yicha sanksiyalar joriy qilish haqida rezolyutsiyani tasdiqladi.

14 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi va sun’iy nafa oldirish apparatidan uzildi. Ertasi kuni u zaharlanganidan keyingi ilk suratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi.

Ahamiyatli tomoni, “The New York Times” gazetasining GFR xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas. U sog‘aygach, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirish niyatida. 

Nemis nashrlari Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya razvedkasi borligini yozmoqda. Shuningdek, “Reuters” agentligi Navalniyning Omskdagi shifoxonadan ketishi bevosita Kreml ruxsat berganini ma’lum qildi. Agentlik Omskdagi shifoxonaga yaqin manba bilan suhbatlashgan. U shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan.

Navalniyning safdoshlari esa Tomskda u qolgan mehmonxona xonasidan “Novichok”ning izi bor suv idishi topgan. Zaharni Germaniya mutaxassislari aniqlagan.

Bu orada Rossiya Navalniy bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad qilyapti. Kremldagilar uning zaharlanganini ham yolg‘on deb atashmoqda. Aksincha, RF G‘arb davlatlari va NATO “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli moddani tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan deb, ularni aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

88

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing