Guterrish Putin bilan gaplashib olish uchun Moskvaga boradi 

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish joriy yilning 26 aprel kuni Moskvaga boradi. U yerda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi hamda Rossiya tomoni bilan Ukrainada zudlik bilan tinchlik o‘rnatish choralarini muhokama qiladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xodimi Eri Kaneko ma’lum qildi.  

“BMT Bosh kotibi 26 aprel kuni Moskvaga tashrif buyuradi. U Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ishchi uchrashuv va tushlik qiladi. Bosh kotibni Prezident Vladimir Putin qabul qiladi. U ikkala Prezidentga (Rossiya va Ukraina) yo‘llagan maktublarida ta’kidlaganidek, Ukrainada zudlik bilan tinchlik o‘rnatish uchun nima qilish mumkinligi haqida gaplashishga umid qilmoqda”, degan Kaneko. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Guterrish Rossiya Federatsiyasi va Ukraina rahbariyati bilan “harbiy harakatlarni to‘xtatish, odamlarga yordam berish va hamma xohlovchilarga jangovar zonalarni tark etishiga imkon berish uchun qanday choralar ko‘rish mumkinligini” muhokama qilmoqchi. 

Kanekoga ko‘ra, Guterrishning idorasi Kiyevga safarga tayyorgarlik ustida ham ishlamoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing