Guljahonning “ishida” nega qonun bu qadar qat’iy? – Mirziyoyeva prokuraturadan qarorini o‘zgartirishni so‘radi
Jamiyat
−
05 Oktabr 2020
25288O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari – Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva mamlakatda ayollar bilan yuz bergan shov-shuvli holatlarga munosabat bildirdi.
“Biz, hozirgi kunda jurnalistlar hamjamiyati bilan birgalikda ikkita shov-shuvli holatni birlashtirgan “Musibatdagi ayollar” mavzusidagi voqealarni kuzatib bormoqdamiz.
Men uchun, ham ayol, ham ona va gender tengligi komissiyasining a’zosi sifatida bu juda muhimdir!”, deydi Saida Mirziyoyeva.
U avvalo bemor o‘limiga sabab bo‘lish va byudjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblangan Toshkent viloyatining bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva bilan bog‘liq holatga to‘xtalib o‘tgan.
“Men unga qo‘yilgan ayblovlarning qonuniy yoki noqonuniyligini hech qanday baholamoqchi emasman, bu sudning mutlaq vakolati. Ammo sizning e’tiboringizni shunga qaratmoqchimanki, eng kichigi atigi ikki yoshda bo‘lgan oltita farzandning onasi sudgacha qamoqda saqlanmoqda. Bizning qonunchiligimiz, boshqa rivojlangan mamlakatlar qonunchiligi singari, erkaklarnikiga qaraganda ayollar uchun biroz ko‘proq imtiyozlarni o‘z ichiga oladi. Bunga misol sifatida ayol kishining homiladorligi yoki voyaga yetmagan farzandlari borligi unga yengillashtiruvchi holatlar taqdim etishi mumkin. Bu ham insonparvarlikning bir turi. Guljahonning “ishida” nega qonun bu qadar qattiq va qat’iy? Olti bola bilan qayergadir qochib qutulishi mumkinmi? Nahotki sudgacha qamoqda saqlash bizning huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining yagona yo‘li bo‘lsa? Jinoyat-protsessual qonunchiligida boshqa ta’sirchan ehtiyot choralarini qo‘llashga nima xalaqit beradi?
Hibsga olish — bu kuchli stress va shaxsning ma’nan sindirilishidir. Ayniqsa, uyda yosh bolalaringiz bo‘lganida... Shuning uchun Toshkent viloyatining prokuraturasidan qarorni qayta ko‘rib chiqishlarini so‘rab qolaman”, degan Mirziyoyeva.
So‘ng Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva o‘zbek jamoatchiligini larzaga solgan voqea namanganlik Gulandom Dadaboyevaning MIB va mas’ul idora xodimlari oldida o‘zini o‘zi yoqib yuborishi holatiga to‘xtalib o‘tgan.
“Uning onasi va ikki farzandi qoldi. Bu ayollar ularga boshqa birovning uyini sotib yuborgan firibgarning qurboniga aylandilar va firibgar esa jinoyati uchun qamoqqa tushdi. Mulk haqiqiy egasi tomonidan talab qilingan va sud ayollarni bolalari bilan birgalikda chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Bunday dahshatli holatga qo‘l urgan bu ayolning chorasizligini to‘liq tushunib turibman”, deydi u.
Mirziyoyeva so‘zida davom etib, O‘zbekiston qonunchiligi bu borada mukammal emasligini aytib o‘tgan va firibgarlik bilan bog‘liq holatlar faqatgina o‘ziga o‘t qo‘ygan ayolda uchramasligiga to‘xtalgan.
“Qonunchiligimizni bu borada nomukammal deb hisoblayman. Firibgarlar qo‘liga tushib, turar joylaridan ayrilib va tom ma’noda ko‘chada qolgan holatlar faqat bu ayoldagina uchramaydi. Firibgarlar qamoqqa olinishlari mumkin, lekin moddiy zararni barmoq bilan sanaydiganlari qoplaydi, xolos. Bu holda, mening nuqtai nazarimdan, firibgarlar davlatga qarzdor bo‘lib, qonun oldida javob berishlari kerak. Davlat esa o‘z o‘rnida shunday firibgarlar girdobiga tushib qolgan insonlarga shu kabi muammolardan chiqishiga yordam berishi lozim.
Albatta, “odamlar o‘zlari aybdor, juda soddalar” – deb aytish mumkin. Biroq, bunda davlatning ham aybi bor. Qishloq ayollari barcha qonuniy huquqlarini qayerdan bilishsin? Ularga hamma narsani tekshirib, hech kimga ishonmaslikni kim o‘rgatgan? Bitimni rasmiy notarius tomonidan qonuniylashtirilishi qanday yuz berdi?
Bunday savollar fojialar sodir bo‘lishidan oldin berilishi kerak! Bu kabi har qanday holat uzoq va jiddiy tergovni talab qiladi. Va bunday hollarda har doim norasida bolalarni hisobga olmoqlik lozim! Ularning hech qanday aybi yuq, lekin ular ham kattalar bilan birga jazolanmoqdalar.
Men, deputatlar bu masalalarni muhokama qilib, nochor ahvolga tushib qolgan va aldanganlar uchun ijtimoiy himoyani mustahkamlashlarini juda-juda istardim. Hech kim borar joyi yuq ahvolga tushib qolmasligi kerak!”, degan Mirziyoyeva boshiga tushgan tashvishlardan o‘ziga o‘t qo‘yib forig‘ bo‘lgan ayol haqida fikr bildirib.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyi boshida Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirusga chalingan shifokorning o‘limiga sabab bo‘lish va 250 mln so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilishda ayblanib, hibsga olingandi.
Bosh prokuratura unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Ayollar bilan bog‘liq keyingi holat sentyabr oyining oxirida yuz berdi. Namanganlik Gulandom Dadaboyeva sud qarori bilan uyidan haydalayotganda o‘ziga benzin sepib yoqib yubordi va halok bo‘ldi.
Bu holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi