Shifokorning o‘limida kim aybdor? Uning oyoq-qo‘llari nega bog‘lab qo‘yilgandi? Marhumning rafiqasi bilan suhbat
Intervyu
−
16 Sentabr 2020
38453Avvalroq, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bosh shifokorning hibsga olinishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytildi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Shifokorning hibslanishi va unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimov bilan suhbatlashgan edik. Suhbatda Guljahon Yo‘ldoshev rahbarlik qilib kelayotgan shifoxonada asli shifokor bo‘lgan koronavirusga chalingan bemor Farrux Rustamov davolanayotgani, Yo‘ldosheva uni og‘ir ahvolda Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazishga uringani, hech qanday ruxsatsiz bemorni Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborgani, bemor ushbu dispanserda vafot etgani oydinlashdi.
Bu orada marhum Farrux Rustamovni Ruhiy kasalliklar shifoxonasiga nega qabul qilingani, og‘ir ahvoldagi bemorni SOVID kasalliklari uchun mo‘ljallanmagan Ruhiy kasalliklar dispanseriga qabul qilingani yuzasidan, Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirovaning fikrlarini o‘rgandik.
Marhum Farrux Farhodovich Rustamov Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi faoliyat olib borgan. U Sovid kasalliklarini davolash maqsadida 14 kunlik karantin zonasida mehnat qilib, koronavirus yuqtirishi oqibatida vafot etdi. U Prezident farmoniga ko‘ra, “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
QALAMPIR.UZ Marhumning turmush o‘rtog‘i Kamola Rustamova bilan suhbatlashdi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Kamola Xotamovna Turmush o‘rtog‘ingiz haqida aytib bera olasizmi?
Kamola Xotamovna marhum Rustamovni turmush o‘rtog‘i: — Turmush o‘rtog‘im Farrux Farhodovich Rustamov Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limida faoliyat olib borganlar. Turmush o‘rtog‘im oq ko‘ngil, hech kimga yomonlik ravo ko‘rmaydigan odam bo‘lganlar. Shifokor sifatida ham o‘z kasblarini sevgan inson edilar. 2005 yilda institutni tugallab, ishni talabalik vaqtlaridan sanitar bo‘lib boshlab, shifokor darajasigacha ko‘tarildilar.
F.N.: —Turmush o‘rtog‘ingiz karantin zonasida ish faoliyatlarini olib borganlari haqida aytib bera olasizmi?
K.R.: — 7 iyul kuni soat 00:00 atrofida uyga shoshib kelib, tezroq kerakli narsalari, kiyimlarini jamlab berishimni, buyruq chiqqani va Zangiotadagi karantin markaziga 14 kunga borishlarini aytdilar. To‘g‘risi borishlarini istamadim va o‘zlariga ham bu sog‘liqlariga to‘g‘ri kelmasligi, ularda qandli diabet kasalligi borligini aytdim.
Kerakli buyumlarni jamlab bir soatda otlanib chiqib ketdilar. Oradan vaqt o‘tib qo‘ng‘iroq qilib sharoitni so‘radim, buyruqlari hali kelmagani, ertasi kuni kelishini aytdilar. Men ulardan himoya kiyimlari bormi deb so‘radim. Hamma sharoit borligini aytib, meni xotirjam qildilar. Kasallar og‘irligi, kasallanganlar soni ko‘payib ketayotganini haqida gaplashdik. Bizga uydan chiqmaslikni va bolalarni, yoshi katta qaynota-qaynonamni ehtiyot qilishimni aytdilar. Bir haftadan so‘ng telefon orqali gaplashdik. Haroratlari 39 darajagacha chiqibdi. Ukol qildiribdilar. Bu vaziyatda bemorlarni tashlab keta olmasliklarini aytdilar. Reanimatsiyada bir o‘zlari ishlayotganlari sababli, yonlariga yana bita shifokorni yordamga chaqirishlarini iltimos qilgandilar o‘shanda.
Oradan ikki hafta o‘tib uyga yomon ahvolda qaytdilar. Ikki hafta ichida 10 kilogrammga ozgandilar. Dori yozib berdilar va menga olib kelib o‘zim ukol qilishimni so‘radilar. Bu orada bolalar bilan umuman ko‘rishmasdan, xonalarini alohida qilib oldilar. Ukollarni olgandan so‘ng ancha ahvollari yaxshilandi va Zangiotaga qo‘ng‘iroq qilib Koronavirusga topshirgan test natijasini bildilar. Natijalar hali kelmagani lekin telefon orqali natijasi yaxshi chiqqanini aytishdi. Bu xabarni eshitib, juda xursand bo‘ldik.
Ertasi kuni saharlab turib qandli diabet tahliliga qon topshirishlarini aytdilar. Qaynotam bilan birga ketishdi, lekin yo‘lda reanimatsiyaga olib borishlarini, analiz topshirib shifoxonada qolishlarini aytibdilar. Soat 12:00 da reanimatsiyaga ko‘rgani bordim, o‘shanda soat 15:00 da kompyuter tomografiyaga borishimiz kerakligidan xabar topdim. Tomografiya natijasi ikki tomonlama pnevmoniya ko‘rsatdi va uyga bormasliklari, shifokorlar bilan maslahat qilib yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borishlarini aytdilar.
Men uyga ketdim. Keyin telefon orqali gaplashdik. Ular menga dorilar ro‘yxatini yozdirdilar va men bu dorilarni olib shifoxonaga berishim kerakligini uqtirdilar. Men dorilarni olib shifoxonaga kiritib yubordim.
Telefon orqali gaplashib turdik, hammasi yaxshi ekani, barcha muolajalarni vaqtida olayotganlarini aytdilar. O‘zlarini doimiy nazoratda ushlayotganlarini aytib, meni xotirjam bo‘lishimni ta’kidladilar. 5,6 kun doimiy gaplashib turdik. Kislorodsiz nafas ololmayapman deganlari to‘g‘risi meni xavotirga soldi. Yettinchi kun telefonga javob bermadilar. Shifokorlardan so‘rasam ahvollari yaxshi ekanini aytishdi. Kislorodsiz nafas ololmayapman deganlarini shifokorlarga aytganimda, “yo‘q, yaxshi faqat boshi og‘riyapti, psixologik holati yaxshimas”, javob qilishdi.
F.N.: — Siz avval ham turmush o‘rtog‘ingizda psixologik o‘zgarishni sezganmisiz?
K.R.: — Turmush qurganimizga 15 yil bo‘lgan bo‘lsa, umuman bunday holatni sezmaganman. Juda og‘ir-bosiq inson edilar. Hatto, bolalarni koyisam, qattiq gapirsam, bolaga baqirmasligim, to‘g‘ri tushuntirishimni aytardilar.
F.N.: —Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori turmush o‘rtog‘ingizda ruhiy buzilish borligi sababli uni ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazgan. Nima uchun shunday qilgan? Ular o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lganmi?
K.R.: — Shunga umuman tushunmadim. Har tomonlama o‘ylab ko‘rdim, lekin yechim topolmadim. Nima uchun bu ahvolda olib borishganining sababini bila olmadim. Men Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga borganimda, turmush o‘rtog‘imning oyoq-qo‘llarini bog‘lab qo‘yishgandi. Yana shuni aytishim kerak, yotgan joylarida faqat karavot bor edi, birinchi yordam ko‘rsatishga ham sharoit yo‘q edi. Hamshiradan nega oyoq-qo‘llarini bog‘lab qo‘yishganini so‘radim. U bemorning oyoq-qo‘llari bog‘lab qo‘yilishi buyurilganini aytdi. Aks holda janjal ko‘tarishi mumkin ekan. Yana u turmush o‘rtog‘im kelganidan buyon umuman qimirlamaganini qo‘shimcha qildi.
F.N.: — Karantin markaziga borgan shifokorlar uyga qaytishlaridan oldin Covid uchun test topshirishlari shart. Turmush o‘rtog‘ingiz test topshirganlaru natijasini kutmay uyga qaytganlar. Zangiotadagi shifokorlar ketma deb aytishmaganmi?
K.R.: — Ketishlaridan bir kun avval analiz olishgan. Bosh shifokor u yerda qolishlarini oz bo‘lsa-da davolanishlarini aytgan. Lekin turmush o‘rtog‘im shifokorlari qabuliga borishlari va uyda davolanishlarini aytganlar.
F.N.: —Karantinga borgan shifokorlarga qo‘shimcha rag‘bat pullari beriladi, turmush o‘rtog‘ingiz ham bu pullarni berishdimi?
K.R.: —Ha, pullarni oldik. Birinchi borganimda 20 mln keyin esa yana qolganini berishdi.
F.N.: —Farzandlaringiz nechta va kim bilan istiqomat qilasiz?
K.R.: — Bir o‘g‘il va ikki qizimiz bor. Qaynona-qaynotam bilan birga yashaymiz.
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi