Shifokorning o‘limida kim aybdor? SSBdagilar qayerga qaragan?
Intervyu
−
24 Sentabr 2020
21702Avvalroq, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bosh shifokorning hibsga olinishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytildi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Shifokorning hibslanishi va unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimov bilan suhbatlashgan edik. Suhbatda Guljahon Yo‘ldoshev rahbarlik qilib kelayotgan shifoxonada asli shifokor bo‘lgan koronavirusga chalingan bemor Farrux Rustamov davolanayotgani, Yo‘ldosheva uni og‘ir ahvolda Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazishga uringani, hech qanday ruxsatsiz bemorni Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborgani, bemor ushbu dispanserda vafot etgani oydinlashdi.
Bu orada marhum Farrux Rustamovni Ruhiy kasalliklar shifoxonasiga nega qabul qilingani, og‘ir ahvoldagi bemorni SOVID kasalliklari uchun mo‘ljallanmagan Ruhiy kasalliklar dispanseriga qabul qilingani yuzasidan, Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirovaning fikrlarini o‘rgandik. So‘ng marhumning turmush o‘rtog‘i bilan suhbatlashdik.
Marhum Farrux Farhodovich Rustamov Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi faoliyat olib borgan. U Sovid kasalliklarini davolash maqsadida 14 kunlik karantin zonasida mehnat qilib, koronavirus yuqtirishi oqibatida vafot etdi. U Prezident farmoniga ko‘ra, “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
QALAMPIR.UZ Farrux Rustamovning vafoti va Guljahon Yo‘ldoshevaning hibslanishi masalasida Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatladi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Nizom Xayrullayevich, voqeani bilganingizcha, sizga bildirishganicha aytib bersangiz.
Nizom Abdullayev, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari: Hamkasbimiz, marhum Farrux Rustamov Farxodovich 36 yoshda SOVID-19 kasalligining qurboniga aylandi. U 2020 yil 4 iyuldan koronavirus bemorlari davolanadigan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlagan. 23 iyulda shifoxonadan chiqib, uyda bezovta bo‘la boshlagan. Undan so‘ng viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotgan. Bu bemor to‘g‘risida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Reanimatsiya bo‘limi mudiri Akmal Avazovich yordam so‘rab, 2020 yilning 1 avgust kuni menga qo‘ng‘iroq qildi, bemorga psixiatr yordami kerak ekganligini aytdi. Men psixiatrlarni yuborishda amaliy yordam berdim. Bemor viloyat Yuqumli kalliklar shifoxonasidan, Chirchiq shahrida joylashgan Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga hali to‘liq o‘zaro kelishilmasdan o‘tkazilgan.
Bemor yotib davolangan Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi SOVID-19 kasalligi tasdiqlangan bemorlar uchun mo‘ljallanmagan. Bu shifoxona Provizor hisoblanadi. Ya’ni SOVID-19 kasalligiga gumonda bo‘lgan shaxslarni yotqizish va davolash uchun. Bu boshqarmaning joriy yil 26 martdagi 79-sonli buyrug‘i bilan belgilab berilgan.
Marhum Farrux Farxodovichda haqiqatan ham SOVID-19 kasalligi tasdiqlangan. Viloyatda SOVID-19 kasallarini davolash uchun 5 ta shifoxona tashkil etilgan. Marhum shu shifoxonalardan biriga yotqizilishi kerak edi. Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori sifatida Guljahon Yo‘ldosheva bemorni qabul qilgandan so‘ng, agar unga psixiatr ko‘magi kerak bo‘lgan taqdirda, ish jarayonda uni tashkil qilishi kerak edi. Psixiatr konsultantni bemorning yotgan joyiga chaqirtirish lozim bo‘lgan.
F.N.: — Guljahon Toirovna o‘z intervyusida karantin joriy qilingan kunning ertasiga, viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Koronavirus kasalliklarini davolash uchun yopilganini aytib o‘tgan. Sizning gapingizja uning aytganlarini mutlaqo teskarisini ko‘ryapmiz.
N.A.: — Viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi jamoasi aytishi mumkin: respublikamizda 15 mart kuni karantin e’lon qilinganidan so‘ng, shaxsan o‘zim 16 mart kuni aynan shu shifoxonaga bordim. Bu shifoxonadagi tayyorgarlik holatini o‘rganib kelganman. Buning sababi esa dorilar ta’minoti, nechta o‘rin borligi, hozirda mavjud va kerakli jihozlar bilan tanishish edi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i ko‘magida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi, kerakli apparatlar bilan jihozlandi. O‘sha kunning o‘zida bosh shifokor va o‘rinbosarlariga kerakli topshiriqlar berilgan.
Bundan tashqari ularga Narkotik va psixotrop dori vositalarini olishga litsenziya olishlari kerakligi aytildi
Shifoxona faoliyati bir soat ham to‘xtatilmagan. Provizor sifatida ishlashi haqida buyruq berilgan va u ishlagan.Chirchiq shahar prokuraturasida bo‘lgan so‘rov jarayonida men ham qatnashdim. Unda ham aytdim, shifoxonaga 6 ta xat yuborilgan, xatlarda shifoxona uchun dori vositalarini olishga litsenziya olish kerakligi haqida aytilgan. Biz ularga litsenziya olish uchun kerakli hujjatlarni tayyorlashlari va navbatsiz dori vositalarini olib berishimizni aytganmiz. Shu kunga qadar deyarli 6 oy o‘tdi, hanuzgacha shifoxona litsenziyaga ega emas.
F.N.: — Psixotrop va narkotik moddalar deb ta’kidladingiz. Bu kabi dori vositalarni kim iste’mol qiladi, degan turli savollar paydo bo‘ladi. Shunga aniqlik kiritib o‘tsangiz.
N.A.: — O‘ta og‘ir ahvolda olib kelingan bemorlarni ahvolini bir muncha yaxshilash uchun kerak bo‘ladi. Bemor sun’iy nafas olish apparatida bo‘lsa, yuqumli kasallikka gumondorligidan tashqari, unda yondosh kasalliklar bo‘lsa va badanda kuchli og‘riq paydo bo‘lsa, og‘riq qoldiradigan vositalar unga yordam bermagan hollarda, psixotrop narkotik vositalardan foydalanishga majbur bo‘lamiz. Reanimatsiya bo‘limlarida ushbu dori vositalari bo‘lishi shart.
F.N.: — Hozirgi kungacha Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida Koronavirusga chalingan bemorlar aniqlandimi?
N.A.: — Gumondor shaxslar yotgan shifoxonada analiz olingandan so‘ng, koronavirus aniqlanadi va shu zahoti bemorlar SOVID-19 markazlariga o‘tkaziladi. Lekin SOVID-19 aniqlangan bemorlar provizor shifoxonada qolmaydi. Bizdagi ma’lumotlar bo‘yicha, ushbu shifoxonadagi bemorlardan surtmalar olinmagan. Lekin shifoxonani o‘zida rasman ruxsat etilmagan ekspress laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan. Shu sababli men to‘liq ayta olamanki, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida Koronavirus bilan kasallangan bemorlar bo‘lmagan.
Shu o‘rinda aytish kerak, marhum Rustamovni bu shifoxonaga borib qolishi ham, bosh shifokor Guljahon Toirovna tomonidan qo‘yilgan eng katta xato deb hisoblayman.
F.N.: — Guljahon Toirovna va Farrux Rustamovning oralarida qandaydir kelishmovchilik bo‘lganmi?
N.A.: — Men o‘zaro kelishmovchilik bo‘lmagan, deb ayta olmayman. Bilasizmi, Rustamovning ruhiy holati yomonligi aniqlanganda, u yuborilayotgan shifoxona bemorni qabul qilishga tayyormi, degan savol qo‘yilishi kerak edi. Bosh shifokorning birinchi xatosi u Koronavirus bilan kasallangan bemorni, provizor shifoxonaga qabul qilgani edi. Ikkinchi xatosi esa, bemorni Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga ko‘chirish bo‘lgan. Agar bemor ruhiy kasallikka chalingan bo‘lganda ham, mutaxassislarni jalb qilish yo‘li bilan, konsiliumlar o‘tkazib, uni ko‘rikdan o‘tkazish zarur edi. So‘rov jarayonida menga bemorning suratini ko‘rsatishdi. Bilasizmi, bemorni suratidan unda ruhiy kasallik bo‘lganmi yo yo‘q, buni aytish juda qiyin. Bu haqda, albatta, o‘z fikrimni bildirib o‘tdim. Yana so‘zimni qaytaraman unda bu kabi ruhiy zo‘riqishlar aniqlangan taqdirda ham, tinchlantiruvchi dorilar orqali ahvolini yaxshilab turish imkoni bor edi.
Og‘ir ahvolda ekani sababli Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazish kerak bo‘lganda ham, yuqori turuvchi tashkilotlarga aytib, bitta xonani kerakli kislorod apparatlari bilan jihozlash mumkim edi. Guljahon Toirovna marhumni nafaqat dispanserga o‘tkazib noto‘g‘ri ish qilgan, balki Ruhiy asab kasalliklari dispanserida davolanayotgan 120 ga yaqin bemor va xodimlarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan.
F.N.: — Guljahon Yo‘ldosheva videomurojaat bilan chiqqan va unda shifoxonada zarur dori vositalari yo‘qligi, kerakli uskunalar bilan ta’minlanmaganini iddao qilgan. Bu haqda Toshkent viloyati SSBga murojaat qilishgani va murojaatlar javobsiz qolgani aytilgan. Murojaatlar ariza orqali amalga oshiriladi, bu arizalar bormi?
N.A.: — Xatni yuqori turuvchi tashkilotga yozishdan avval, SSB nimalar qilib berishi kerak va nimalarni o‘zimiz qilishimiz lozim degan savol bo‘lishi kerak. Agar qabul bo‘limida xodim bo‘lmasa ham Guljahon Toirovna, bu bo‘limda xodim yo‘qligi va bo‘lim ishini to‘xtatishi yozilgan xat bilan chiqadi. Yillar davomida ta’mirlanmagan shifoxona 2009 yil viloyat hokimligi tomonidan 100 million pul ajratib joriy ta’mirdan chiqarilgan.
Ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlarida Guljahon Toirovna viloyat bosh infeksionist deb aytildi. Bugun aytishim kerak, mana shu Hurmatli bosh infeksionist Yuqumli kasalliklarga zarur bo‘ladigan dorilarning yillik ehtiyojini ishlab chiqishda, umuman kelib qatnashmaydi. Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasida yig‘ilishlar, videokonferensiyalar bo‘ladi. Guljahon Yo‘ldosheva esa bularning birortasida qatnashmaydi. Misol tariqasida aytishim mumkinki, virusga qarshi ishlatiladigan dori vositalari bor. Bu dorilarni taqsimlash jarayonida bosh mutaxassislarni taklif etamiz va shifoxona sig‘imiga qarab ularni taqsimlaymiz. Biz aynan shu kabi taqsimlash jarayoniga Guljahon Yo‘ldoshevani taklif etganimizda qatnashmagandilar, oradan bir oz vaqt o‘tib esa, ularga berilmaganini aytib janjal ko‘tardilar. Ularga kerakligini tushungan holda hay’at qarori bilan dorilarni olib berdik. Lekin biz olib bergan dorimizni bemorlarga ishlatmasdan, muddatini o‘tkazib, 87 mln byudjet puliga zarar yetkazdi.
F.N.: — Bu qachon bo‘lgan?
N.A.: — Bu 2019 yil avgust oyida bo‘lgan voqea
F.N.: — Nima sababdan chora ko‘rilmaydi?
N.A.: — Bu ish yuzasidan ichki audit tekshiruvidan keyin hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim etildi. Viloyat muassasa rahbarlari vazirlik vakolatida bo‘lganlari uchun, chora ko‘rish vazirlik zimmasida bo‘ladi. Biz kerakli ma’lumotlarni vazirlikka taqdim qildik.
Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib ham bir narsani aytishim mumkin, Viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasida 90 mlnlik antibiotiklar bor. Shu dorini muddati tugashiga 20 kun vaqt qoldi, lekin shu shifoxonadan birorta mas’ul aytmaydi dorilar muddati o‘tayotganini. Hozirgi kunda bu kabi dorilar juda ham zarur.
F.N.: — Prokuratura o‘tkazayotgan tergov jarayonida 205 mlndan ortiq pul talon-taroj qilingani aniqlangan. Hali tergov tugamagan va bu summa ko‘payishi ham mumkin. Bu pullar talon-taroj qilinganidan SSBning xabari bo‘lgami yoki tergovda bildingizmi?
N.A.: — Tizimimizda moliyaviy holatlarni davriy ravishda o‘rganuvchi ichki audit bo‘ladi. To‘g‘rilash mumkin bo‘lgan kamchiliklar yuzasidan tavsiyalar berishadi. Agar pullar noqonuniy, maqsadsiz ishlatib yuborilgan bo‘lsa, bu ish yuzasidan prokuraturaga tekshiruv uchun hujjat taqdim etiladi.
Kezi kelganda qayta aytib o‘taman, provizor shifoxona bo‘lib ishlash jarayonida 17 martdan to iyul oyining yarmiga qadar, bosh shifokor Guljahon Toirovna biror marta shifoxonaga kelmaganlar. Balki ayrim kunlari kelgan bo‘lishlari mumkin, lekin tashqaridan nazorat qilingan. Bizda hujjatlar ham bor aynan shu kundan boshlab viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi provizor shifoxona bo‘lgan. Bosh shifokor ham 17 martdan boshlab kelmagan.
Eng qizig‘i, ichkariga kirib holatni boshqarmasdan turib, Prezidentimiz tomonidan berilayotgan 6% qo‘shimcha maoshni ham olgan. Aniq kunini aytolmayman, lekin iyul oyining o‘rtalaridan boshlab shifoxonaga kirdi. Ishxonaga kelmasdan vaziyatni bilmasdan turib, shifoxonada nimalar bor, nimalar ortiqchaligini bilmasdan turli chiqishlar qilgan.
F.N.: — Bir necha oy ishga kelmagan deyapsiz. Nahotki birorta xodim uni kelmaganini aytmagan bo‘lsa, yoki bosh shifokordan qo‘rqishadimi?
N.A.: — Yo‘q. Epidemiologik holat sabab bizdan ham ayb o‘tgandir, biroz nazoratni boy berdik. Shifokor kimnidir vakil qilib qoldiradi, biror narsa kerak bo‘lsa, o‘sha vakil bizga murojaat qiladi. Biz esa tabiiyki, bosh shifokor qayerda ekanini so‘raymiz. Vakil bosh shifokor ish bilan yurgani yoki farzandining tobi yo‘qligini aytadi. Shunday bo‘lsa ham shifoxonaga kerakli anjomlar beriladi. Lekin vaziyatni bilish maqsadida bosh shifokorga qo‘ng‘iroq qilganimizda, shifoxonaga nimadir kerakligidan bexabar ekkanliklari, hech kim ularga aytmaganini, borib vaziyatni nazoratga olishlarini aytadilar.
Mana shu kabi vaziyatlar ortidan biz o‘z xulosalarimizni vazirlikka berganmiz va ular hozir o‘rganishyapti.
F.N.: — Farrux Rustamovni karantin zonasidagi 14 kunlik faoliyatidan keyin, og‘ir ahvolda uyga qaytganini bilamiz. Bu qanchalik to‘g‘ri? Shifokorlar karantin zonasidan to‘g‘ri uyga qaytishyaptimi?
N.A.: — Tartib bo‘yicha muddat tugagandan so‘ng, har bir shifokor o‘zini qanday his qilayotgani so‘raladi. Agar SOVID-19 kasalligi aniqlansa ham, klinik belgilari bo‘lmasa bemalol uyda davolansa bo‘ladi. Rustamov ham ahvoli og‘irligini bilib, analiz javoblari chiqquniga qadar provizor bo‘limga yotqizilishi kerak edi. Bu biz shifokorlarning o‘zimizga nisbatan mas’uliyatsizligimiz deb aytishim mumkin. Karantin zonasidan uyiga qaytganida tobi yo‘qligini mahalliy poliklinikalarga aytishi kerak edi.
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi