Pichoqbozlik va YTHning yulduzli qurbonlari
Tahlil
−
13 mart
22637O‘zbekiston sport olamida ko‘plab iqtidorli va mashhur sportchilar yetishib chiqqan. Afsuski, ular orasida hayot yo‘lini fojiali tarzda yakunlaganlari ham yo‘q emas. Pichoqbozlik yoki avtohalokat oqibatida yo‘qotilgan bu sportchilar nafaqat qayd etgan natijalari, balki jamiyatda tutgan o‘rni bilan ham el-yurt xotirasida abadiy saqlanadi. Biz mana shunday baxtsiz hodisa qurboni bo‘lgan mashhur o‘zbek sportchilari: Murod Xonto‘rayev, Jamshid Kenjayev, Elbek Rahimov, Diyorbek Rahimqulov kabilarni yana bir bor xotirlashga qaror qildik.
Murod Xonto‘rayev
“Osiyo ayig‘i” taxallusi bilan tanilgan o‘zbekistonlik jangchi Murod Xonto‘rayev 1987 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2013 yilda MMA bo‘yicha professional faoliyatini boshlaydi va bir qancha yutuqlarga erishadi. Eng yodda qolarlilaridan biri Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning shaxsiy qo‘riqchisi Yevgeniy Yeroxinni oktagonda “uxlatib” qo‘yadi va mamlakat rahbarining hayrati va olqishiga sabab bo‘ladi. Xonto‘rayev sportchilik karerasi davomida ayni damda UFC’da faoliyat olib borayotgan moldovalik Ion Kutselabani bir necha sekunddayoq mag‘lubiyatga uchratgan. Uning jang uslubi ko‘pchilikni hayratga solardi, sababi u og‘ir vazn toifasida janglar o‘tkazganiga qaramay, oyoq bilan juda talafotli zarbalar yo‘llardi. Ayniqsa, uning oyoq bilan aylanma zarbasi, ya’ni “round kick” bilan ham ancha tanilgan. Murod Xonto‘rayev professional faoliyati davomida 15 ta jang o‘tkazib, shundan 12 ta g‘alaba va 3 mag‘lubiyat qayd etgan.
Sportdagi ulkan natijalardan keyin Murod Xonto‘rayev O‘zbekiston aralash yakkakurashlar sport turi assotsiatsiyasi vitse-prezidenti etib tayinlandi. Obro‘-e’tibori ortganidan so‘ng uning dushmanlari ko‘paydi. 2018 yil 9 iyun kuni Toshkent shahridagi restoranlardan birida Murod Xonto‘rayev pichoqlab ketildi. U shifoxonaga yotqizildi va jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari olib borilgan. Lekin Xonto‘rayev mardlik ko‘rsatib, ushbu jinoyat bo‘yicha da’vo arizasi bermagan va suddan jazoni yengillashtirilishini so‘radi.
Ammo yana bir baxtsiz hodisa uning hayotdan barvaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi. Aniqrog‘i, 2021 yil 19 iyul kuni soat 11:30 larda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida Xonto‘rayev boshqaruvidagi BMW X5 rusumli avtomashina Lacetti rusumli avtomobil bilan to‘qnashib, yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan. Oqibatda Xonto‘rayev voqea joyida vafot etgan, uning sherigi esa tan jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgan. Mazkur yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Xonto‘rayevning o‘limi o‘zbekistonlik sport jamoatchiligi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Murod Xonto‘rayev sport muxlislari-yu mutaxassislarining yodida qoldi.
Jamshid Kenjayev
Jamshid Kenjayev 1993 yilda tug‘ilgan. U erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi edi. Kenjayev 2018 yil 8 avgust kuni Toshkent shahridagi “Aurum-898” tungi klubida qo‘riqchilar bilan yuzaga kelgan janjal oqibatida pichoqlab o‘ldirilgan. Mazkur hodisa jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchi Shodali Qilichov 18 yil ozodlikdan mahrum qilingan, boshqa sudlanuvchilar Saidazim Kamoliddinov, Alijon Hamroyev va Jahongir Yorqulov har biri 5 yildan ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, sud Jamshid Kenjayevning oilasiga ma’naviy zarar uchun 300 million so‘m to‘lanishini belgilagan. Ushbu fojia sport jamoatchiligi va keng jamoatchilik tomonidan chuqur qayg‘u bilan qabul qilingan.
Elbek Rahimov
Elbek Rahimov Qarshi shahrida yashagan va ushu sporti bilan shug‘ullangan sport murabbiyi edi. 2021 yil 17 avgust kuni u bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanib, Chiroqchi tumaniga olib ketilgan va u yerda ham pichoq hamda temir bo‘laklari bilan kaltaklangan. Shundan so‘ng, uni Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasiga tashlab ketishgan, ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, u shu kuni vafot etgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 26 nafar shaxsga ayblov e’lon qilingan. 2022 yil 5 may kuni Qashqadaryo viloyat sudida ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sudlanuvchilarga nisbatan 3 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Shuningdek, marhumning qonuniy vakili foydasiga 11 nafar sudlanuvchidan 10 million 800 ming so‘m moddiy va 150 million so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.
Ushbu fojia jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan va huquq-tartibot organlari tomonidan qat’iy nazorat ostida tergov qilingan.
Diyorbek Rahimqulov
O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi va “Bunyodkor” klubidagi faoliyati bilan tanilgan Diyorbek Rahimqulov 2021 yilning 11 dekabrida 20 yoshida avtohalokatga uchrab, vafot etdi. Rahimqulov futbolchilik faoliyati davomida “Bunyodkor” va “Andijon” klublarida 2021 yilgi mavsumda Superliga hamda O‘zbekiston kubogi doirasida 22 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol va 1 ta assist qayd etgan. Rahimqulov O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasida o‘z o‘rniga ega futbolchi edi. Futbolchini jamoadoshlari va murabbiy Temur Kapadze yorqin xotiralar bilan eslaydi.
“Alloh rahmatiga olsin. Bu biz uchun katta fojia va katta zarba bo‘ldi. Birinchidan, yig‘indan oldin bizga avtohalokat bo‘ldi degan sovuq xabar keldi va biz shokka tushdik. Diyorbek jamoamizda asosiy rollardan birini o‘ynardi. Uning fikrlashi, maydonni ko‘ra bilishi, to‘p bilan ishlashi bir futbolchida bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha fazilat Diyorbekda shakllandi. Bu voqeadan keyin ancha o‘zimga kela olmadim. Uning o‘rniga kimni maydonga tushirishga rosa qiynaldim. Rahimqulov jamoadagi asosiy futbolchilardan biri edi. Har bir o‘yinimizda uni xotirlaymiz. Olimpiadaga chiqishimizda uning hissasi katta edi”, deydi Kapadze.
Temur Berdiyev
Futzal bo‘yicha OKMK jamoasi futbolchisi Temur Berdiyev 2021 yilning 27 fevral kuni Andijondan Toshkentga qaytayotganida avtohalokatga uchrab, vafot etdi.
Temur Berdiyev 1995 yilda tug‘ilgan. U faoliyati davomida “Ardus”, “Paxtakor” va OKMK klublari safida to‘p tepgan. 2021 yilda Berdiyev qishki transferlar oynasida Bishkekning “Farvater” jamoasiga o‘tishi rejalashtirilgan edi.
Otabek Aliyev
Andijonlik sportchi, UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyevning sevimli shogirdlaridan biri va jiyani Otabek Aliyev 2018 yilning 18 sentyabrida sodir bo‘lgan mushtlashuv oqibatida pichoqlab ketildi.
Shahrixonda tug‘ilib-o‘sgan sportchi aralash yakkakurashlar bo‘yicha bir qancha yirik musobaqalarda zafar quchgan. Professional MMAda yarim yengil vazn toifasida 1 ta jang o‘tkazgan va g‘alaba qozongan.
Kamoliddin Rasulov
Dzyudo bo‘yicha Gran-pri musobaqasi sovrindori Kamoliddin Rasulov 2021 yilning 13 sentyabrida Toshkent shahri Uchtepa tumanida boshqa bir sportchi tomonidan pichoqlab ketilgan.
Kamoliddin Rasulov 1992 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. U dzyudo bo‘yicha bir necha karra O‘zbekiston chempioni, sambo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempioni hisoblanadi.
Yuqorida sanab o‘tilgan sportchilar hayoti, faoliyati davomida ko‘pchilik muxlis va mutaxassislarning yodida o‘chmas iz qoldirdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

