Chempion Elbek Rahimov qotilligi bo‘yicha apellyatsiya sudi boshlandi

Jamiyat

image

O‘tgan yilning avgust oyida Qarshi shahrida sport ustasi Elbek Rahimov qasddan o‘ldirilganligi va uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan boshqa jinoyatlar yuzasidan 24 nafar sudlanuvchi va jabrlanuvchi tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rish boshlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Abidov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

“Hozirgi kunda ushbu jinoyat ishini 24 nafar sudlanuvchi va jabrlanuvchi tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati asosida Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi boshlandi”, deydi Abidov.

Sport ustasi Elbek Rahimov 2021 yilining 17 avgust kuni soat 10:00 atrofida ko‘p qavatli uydagi xonadoni oldida bir guruh shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan.  Usha kuni yetti nafar shaxs Elbek Rahimovni ko‘p qavatli uyidan chiqishini kutib turib, chiqqanidan keyin uni bosh, yuz, ko‘krak va tanasining boshqa sohalariga urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. So‘ng Gentra avtomashinasiga majburan mindirib, jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasiga olib borib, tashlab ketgan.

Oqibatda Elbek Rahimov ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan shu kuni shifoxonada vafot etgan.

Holat bo‘yicha ochilgan jinoiy ishi doirasida 26 kishi sudlandi. Joriy yilning 5 may kuni Qashqadaryo viloyat sudida sud hukmi e’lon qilingandi.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 97, 109, 111, 127, 137, 169, 277, 28,137, 28,211, 28,277, 210, 230-1, 241-1 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgandi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarning 19 nafariga 3 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 1 nafariga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi, voyaga yetmagan shaxslarga 5 yil 6 oydan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ichki ishlar organlarining sobiq xodimlariga 3 yildan 8 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Marhumning qonuniy vakili foydasiga 11 nafar sudlanuvchidan solidar tartibda 10 800 000 so‘m miqdorida moddiy zarar va 150 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Elbek Rahimov

Baholaganlar

844

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing