Elbek Rahimov qotilligi tashkilotchisi yashiringan joyidan ushlandi — Bobojonov (video)
3-sahifa
−
19 avgust 2021
67636Joriy yilning 17 avgust kuni Qashqadaryoda bir guruh odamlar tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgan aralash kurash jangchisi Elbek Rahimov qotilligini tashkillashtirishda ayblanayotgan shaxs yashiringan joyidan ushlangan. Bu haqda bugun, 19 avgust kuni Elbek Rahimov qotilligi bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ma’lum qildi. Anjumanda vazirdan tashqari, Oliy sud raisi Kozimjon Komilov va Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham ishtirok etdi.
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning so‘zlariga ko‘ra, 102 orqali jinoyat haqida xabar soat 9:49 da kelib tushgan, xodimlar voqea yuz bergan joyga xabar tushgandan so‘ng, 21 daqiqa o‘tib, soat 10:10 da yetib borgan va ish boshlangan.
Uning qayd etishicha, jinoyat tashkilotchisi ekani aytilayotgan Z.B. kecha, 18 avgust kuni Chiroqchi tumanidagi yashirinib yotgan joyidan soat 17:05 da topilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, jinoyat sodir etganlarning ikki nafari voyaga yetmagan va jinoyat ishtirokchilarining deyarli barchasi notinch oila farzandlari bo‘lgan.
Xususan, Boymirzayevning otasi o‘z ukasining xotinini o‘ldirib, qamoqda o‘tirgani aytildi. Shuningdek, Boymirzayev qotillik tashkilotchisi bo‘lgan boshqa bir yigit bilan bir uyda yashagan.
Matbuot anjumanida Oliy sud raisi Kozimjon Komilov mazkur voqeaga to‘xtalib, bu bo‘yicha sud ishi barcha uchun ochiq tarzda o‘tkazilishini ma’lum qildi.
“Tergov ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Kim aybdor bo‘ladi, men bilmayman. Lekin ularning ishi ochiq sudda ko‘riladi va unda jurnalistlar, blogerlar bemalol qatnashishi mumkin bo‘ladi”, deydi Oliy sud raisi.
Bosh prokuror Yo‘ldoshevning aytishicha, jinoyat sodir etilgan joydan pnevmatik to‘pponcha o‘qi topilgan. Shuningdek, gumonlanuvchilarning mashinasidan to‘pponcha topilgan.
Eslatib o‘tamiz, Elbek Rahimov qotilligi bo‘yicha Qarshi shahri va Qarshi tumanida yashovchi fuqarolar Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A. ushlangan. Holat yuzasidan Qarshi shahar prokurori tomonidan Z.B. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l,p” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilindi.
LiveBarchasi