Germaniya Ukrainaga 2 000 ta raketa yetkazib beradi

Olam

image

Harbiy yordam doirasida Germaniya hukumati Ukrainaga 20 ta 70 mm.li raketa otish moslamalari, ular uchun 2 000 ta raketa, 30 ta MG-3 avtomati va 155 mm.li artilleriya uchun 1 500 dan ortiq snaryadlar beradi. Bu haqda Germaniya Vazirlar Mahkamasi saytida aytiladi.

“Bu federal hukumatga yordam deb ataladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan Bundesver va Germaniya sanoatining zaxiralarini o‘z ichiga oladi”, deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, Germaniya rasmiylari Kiyevga topshirilgan “Gepard” o‘ziyurar zenit qurollari sonini 12 tadan 15 taga, M113 zirhli transport vositalarini 33 tadan 44 tagacha oshirishga va’da berdi. Ukraina, shuningdek, Germaniyadan 60 200 ta 40 mm kalibrli o‘q-dorilar, 12 ta zirhli qutqaruv mashinasi va 255 ta yuqori aniqlikdagi Vulcano artilleriya snaryadlarini oladi.

2022 yilning 1 yanvaridan 8 avgustigacha Germaniya hukumati Ukrainaga umumiy qiymati 686,4 million yevroga teng qurol eksport qilishni ma’qulladi, deyiladi xabarda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

9

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing