G‘arb Rossiyani har tomonlama sanksiyalar bilan “bo‘g‘moqchi”

Olam

image

Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi olti elementdan iborat beshinchi sanksiyalar paketini joriy qilmoqchi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen o‘zining videomurojaatida so‘z ochgan.

"Birinchidan, biz Rossiyadan yiliga to‘rt milliard yevro miqdorida ko‘mir importini taqiqlaymiz. Ikkinchidan, Rossiyaning to‘rtta asosiy banki, jumladan VTB bilan operatsiyalarni to‘liq to‘xtatamiz", deydi u.

Yevrokomissiya rahbariga ko‘ra, uchinchi band Rossiya kemalarining Yevropa portlariga kirishini taqiqlashdan iborat. 

“Ba’zi-bir istisno holatlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, insonparvarlik yordami, shuningdek energiya kabi asosiy ehtiyojlarni qamrab oladi. Bundan tashqari, biz Rossiya va Belarus transport operatorlarini taqiqlashni taklif qilamiz ", deya so‘zida davom etgan Yevrokomissiya rahbari. 

To‘rtinchisi, Rossiya zaif bo‘lgan sohalarda 10 mlrd yevrolik manzilli eksport taqiqini joriy etish.

Beshinchisi, yog‘ochdan sementgacha, dengiz mahsulotlaridan spirtli ichimliklargacha bo‘lgan mahsulotlarga 5,5 milliard yevro qiymatidagi yangi import cheklovlari.

"Oltinchidan, biz bir qator maqsadli choralarni ko‘rmoqdamiz, masalan, Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya kompaniyalarining ittifoqqa a’zo mamlakatlardagi davlat xaridlarida ishtirok etishini umumiy taqiqlash", deydi Ursula fon der Lyayen. 

Shuningdek, Rossiya davlat organlariga har qanday Yevropa va milliy moliyaviy yordamni istisno qilish taklifi kiritilgan. Bundan tashqari, Yevrokomissiya YeIning individual sanksiyalari ro‘yxatini kengaytirishni so‘ragan.

Yevropa Komissiyasi tomonidan taklif qilingan cheklov choralar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan ma’qullanishi kerak.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

33

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing