Gaaga sudi Rossiyaga hukm chiqardi 

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro sudi Rossiya hukumati Ukrainaga hujumni zudlik bilan to‘xtatishi kerak, degan qarorga keldi.  

Sud, shuningdek, har ikki tomon nizoni kuchaytiruvchi yoki cho‘zuvchi yoki uni hal qilishga to‘sqinlik qiladigan har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi kerakligini ta’kidladi. 

Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, Rossiya Moskva nazoratidagi barcha harbiy yoki tartibsiz harbiy qismlar, u tomonidan nazorat qilinadigan tashkilotlar yoki shaxslar “harbiy operatsiya” bo‘yicha boshqa chora ko‘rmasligini ta’minlashi kerak. 

Ma’lumot o‘rnida, Gaagadagi Xalqaro sudda Rossiyaga qarshi da’vo Ukraina tashabbusi bilan joriy yilning 27 fevral kuni boshlangan. Da’vo bo‘yicha sud majlislari 7-8 mart kunlari bo‘lib o‘tgan. 

Xalqaro Sud Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) asosiy sud organi hisoblanadi. U Gaagadagi (Niderlandiya) Tinchlik saroyida joylashgan bo‘lib, 1946 yildan beri faoliyat yuritadi va xalqaro huquq normalariga muvofiq davlatlar o‘rtasidagi huquqiy nizolarni hal qiladi. 

Davlatlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqishda sud ochiq sud majlislarini o‘tkazadi, unda taraflarning vakillari va advokatlari so‘zga chiqadi, so‘ngra ishni yopiq majlislarda muhokama qiladi va qaror chiqaradi. Ushbu qaror yakuniy hisoblanadi va shikoyat qilinishi mumkin emas. Agar jarayonda ishtirok etayotgan davlatlardan biri unga rioya qilmasa, ikkinchi tomon BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilishi mumkin.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

435

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing