Fransiya Ukrainaga yana gaubitsalar bermoqchi

Olam

image

Fransiya yaqin haftalarda Ukrainaga qo‘shimcha qurol yetkazib berishi mumkin. Gap o‘ziyurar “Caesar” gaubitsalari haqida ketmoqda. “Europe 1” telekanali xabariga ko‘ra, Prezident Emmanuel Makron yana 6 ta gaubitsa yetkazib berishni tasdiqlashi mumkin. Ukraina bungacha ham xuddi shuncha gaubitsa olgan.

“Emmanuel Makron bir necha hafta ichida amalga oshirishi mumkin bo‘lgan safari davomida yana 6 ta artilleriya yetkazib berilishini e’lon qilishi mumkin. Bu qurollarni yana armiya omborlaridan olish kerak bo‘ladi, ularda bu tur quroldan 64 ta qoladi”, deyiladi xabarda.

Yelisey saroyi saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, telefon orqali muloqot chog‘ida Fransiya Prezidenti Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiydan frontdagi so‘nggi o‘zgarishlar, shuningdek, rasmiy Kiyevning harbiy texnika, siyosiy, moliyaviy ko‘mak va gumanitar yordamga bo‘lgan ehtiyojlari haqida so‘ragan.

“[Makron] Prezident Zelenskiyga Fransiya Ukrainaning ehtiyojlarini, jumladan og‘ir qurollarga bo‘lgan talabini qondirish uchun safarbarlik holatida qolishini aytdi”, deyiladi bayonotda.

Prezidentlar Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik arizasi yuzasidan aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan.

Zelenskiy o‘zining kechki murojaatida Ukraina Yevropa Ittifoqining barcha davlatlarida faol ishlashda davom etayotganini ta’kidlagan. 

“Bizning davlatga nomzodlik bilan bog‘liq vaziyat Yevropa Ittifoqining barcha nuqtasida – g‘arbda ham, sharqda ham, shimolda ham, boshqa mamlakatlarda ham birdek qabul qilinishi uchun ishlamoqdamiz”, degan Ukraina Prezidenti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

3

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing