Fransiya Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olishdan bosh tortdi

Olam

image

Fransiya Hukumati o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini tan olmasilk to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi vakili kecha, 26 noyabr kuni ma’lum qildi.

“[Senatda] ovoz berishidan oldin o‘tkazilgan bahsda Turizm bo‘yicha davlat kotibi Jan-Batist Lemuan bu masala yuzasidan Fransiya Hukumatining pozitsiyasini eslatdi: Fransiya Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini tan olmaydi”, degan manba.

Avvalroq Fransiya senati hukumatni Tog‘li Qorabog‘ni tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Loyihani 305 nafar senator qo‘llab-quvvatlagan, faqatgina Jan-Batist Lemuan qarshi bo‘lgan. U bu loyihaga qarshi bo‘lgan va Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini bir tomonlama tan olish hech kimga naf keltirmasligini aytgan.

O‘z navbatida Ozarbayjon bu rezolyutsiyani foydasiz qog‘oz parchasi deb baholadi. Shu bilan birga, rasmiy Baku Fransiya elchisiga nota topshirdi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa rezolyutsiyani tarixi deb baholadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Tog'li Qorabog'

Baholaganlar

127

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing