Pashinyan metroda bir ayol bilan Qorabog‘ masalasida tortishib qoldi (video)
Olam
−
23 mart 9313 2 daqiqa
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan metrosida yo‘lovchi ayol bilan bahslashib qoldi. Ayol uni Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonga topshirishda aybladi. Bu haqda “News.am” xabar berdi.
Guvohlarning aytishicha, suhbat ayolning Qorabog‘ yo‘qotilgani uchun Pashinyanni ayblashi bilan boshlangan. Bunga javoban Bosh vazir hukumat Qorabog‘da odamlar yashab qolishi uchun milliardlab mablag‘ sarflaganini aytib, undan nega o‘zi u yerda qolmaganini so‘ragan. U 2023 yilda ayrimlar hukumatni odamlar Armanistonga chiqib ketmasligi uchun chegaralarni yopganlikda ayblaganini ham eslatgan.
Ayol Pashinyandan ovozini ko‘tarmaslikni va barmog‘ini o‘qtamaslikni so‘ragan. Bosh vazir esa balandroq gapirishda davom etishini aytib, yuz bergan voqealar uchun o‘zini ayblamaslikni so‘ragan. Shuningdek, u suhbatdoshidan Armaniston xaritasi haqida “mensimasdan gapirmaslikni” iltimos qilgan.
Oradan bir oz vaqt o‘tib, Pashinyan ayoldan uzr so‘ragan. U Telegram-kanalida video e’lon qilib, Qorabog‘ mavzusi haqida gapirganda hissiyotlarini tiyib turolmaganini tan olgan va bu holatni katta kamchilik deb atagan. U Qorabog‘dan bo‘lgan ayol va uning farzandidan uzr so‘rab, yana uchrashib tinch gaplashishni taklif qilgan.
Keyinroq ayolning ismi Armine Mosiyan ekani ma’lum bo‘lgach, Pashinyan unga ism bilan murojaat qilib, yana bir bor xotirjam suhbatlashish umidini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Armaniston 2023 yil sentyabr oyida Ozarbayjon harbiy amaliyoti natijasida Tog‘li Qorabog‘ ustidan nazoratni yo‘qotgan. 100 mingdan ortiq arman aholisi hududni tark etgan va tan olinmagan respublika 2024 yil 1 yanvardan faoliyatini to‘xtatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan fuqarolik nikohi, ya’ni rasman turmush qurmay yashab kelayotgan Anna Akopyan u bilan ajrashganini e’lon qilgandi.