FIFA Rossiyaga taqiq qo‘ydi
Sport
−
28 fevral 2022
6875Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga hujum boshlashi tufayli FIFA terma jamoalar o‘yinlarini Rossiyada o‘tkazishni taqiqladi. Bu haqda FIFA matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Rossiya terma jamoasi mezbon bo‘ladigan uchrashuvlar neytral hududda va tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi kerak. Bu qaror kecha, 27 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda FIFA Kengashi byurosining barcha a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan.
Shuningdek, FIFA o‘z shafeligidagi xalqaro musobaqalarda Rossiya bayrog‘i va madhiyasidan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan va Rossiyani futboldan butunlay olib tashlash bilan tahdid qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Polsha va Shvetsiya futbol uyushmalari, shuningdek, Chexiya futbol assotsiatsiyasi mamlakatlar terma jamoalari JCH-2022 finaliga chiqish huquqi uchun pley-offda Rossiya termasiga qarshi o‘ynashdan bosh tortgan.
Rossiya va Polsha terma jamoalari o‘rtasidagi yarim final pley-off o‘yini 24 mart kuni Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi